Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlumki, joriy yil 5-fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish topshirilgan edi.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida aholi orasida koʻp uchraydigan kasalliklarni davolash yuzasidan 9 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha milliy klinik protokollar ishlab chiqilib, SSVning 2024-yil 14-iyundagi 195-son buyrugʻi bilan tasdiqlandi.
Shu maqsadda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining axborot tizimi (my.tipme.uz) va “Elektron taʼlim” LMS-axborot tizimi oʻzaro integratsiya qilinib, 144 kredit (144 soat)dan iborat boʻlgan umumiy malaka oshirish kurslari ishlab chiqildi. Ushbu kursni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga berilgan sertifikat ularga malaka toifalari berishda inobatga olinadi.
Tasdiqlangan rejaga koʻra, avgust oyi oxiridan barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari oilaviy shifokorlari va hamshiralari platforma orqali oʻqitiladi.