Tibetda toshdan yasalgan dunyodagi eng qadimiy ignalar topildi

    Tibet g'arbidagi Syada-Ko ko'li yaqinida qazish ishlari olib borgan arxeologlar oltita g'ayrioddiy toshdan yasalgan qadimiy buyumlarni topishdi.

    Arkeonews xabariga ko'ra, 2020-yilda topilgan qadimiy buyumlar 9 ming yillik, tikishda foydalanilgan, toshdan yasalgan ignalari bo'lib chiqdi.

    Olimlar uzunligi 2,5 santimetrdan oshmaydigan bu ignalarni o'rganishdi. Ignalar talk, aktinolit, serpentin va tremolitdan tayyorlangan. Ular miloddan avvalgi 7049 – 6568-yillarga oid.

    Olimlarning fikricha, topilgan ignalar tikishda qo'llanilgan, ayniqsa chodir tikish kabi murakkab ishlarda asqatgan bo'lishi mumkin.

    Shu vaqtgacha topilgan eng qadimgi toshdan ishlangan ignalarning yoshi atigi 2700 yil bo'lgan, ular Xitoyning Xenan viloyatida topilgan, deb xabar beradi korrespondent.net.