“O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 62-moddasiga asosan, Bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan joriy yilning may-iyun oylarida 15 ta tijorat bankining Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Toshkent shahrida joylashgan 74 ta muassasasida bank xizmatlari qonunchilikka muvofiq ko'rsatilishiga doir navbatdagi nazorat tadbirlari o'tkazildi.
Nazorat tadbirlari banklar faoliyatida bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi kamchiliklarni aniqlashga va ularni bartaraf etish choralarini ko'rishga qaratilgan.
O'rganishlar natijasida tijorat banklari muassasalari tomonidan iste'molchilar bilan o'zaro munosabatlarni amalga oshirishda qator qoidabuzarlik holatlariga yo'l qo'yilganligi aniqlangan. Jumladan, kredit va omonat xizmatlari haqida ma'lumotlar, shu bilan birga, kredit va muddatli omonatlarning asosiy shartlari to'g'risidagi axborot varaqalari taqdim etilmaganligi, shuningdek, bank kartalari egalariga ayrim moliyaviy operatsiyalar o'tkazishda imkon yaratib berilmaganligi holatlari kuzatilgan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar bo'yicha Ipoteka-bank, Agrobank, Mikrokreditbank, Xalq banki, Turonbank, Trastbank, Kapitalbank, Milliy bank, Hamkorbank, Asaka bank, Universalbank, Davrbank va Ipak yo'li bankiga bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish hamda bunday holatlar kelgusida takrorlanmasligi yuzasidan choralar ko'rilishi to'g'risida ijro etilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar yuborildi.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan qoidabuzarliklarni yo'l qo'yilishiga sababchi bo'lgan 101 nafar bank xodimlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq intizomiy jazo choralari qo'llanildi, deb xabar bermoqda Markaziy bankning matbuot xizmati.
Bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati iste'molchilar bank xizmatlari to'g'risidagi axborotlarni olishlari va xizmatdan foydalanish bo'yicha oqilona qaror qabul qilishlari uchun tijorat banklarini mas'uliyatli kreditlash tamoyillariga muvofiq bank xizmatlarini to'liq oshkor qilishga va ularning shartlarini batafsil tushuntirishga chaqiradi.