Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish choratadbirlari to'g'risida”gi qarori oliy ta'lim muassasalari va mahallalar o'rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishda muhim omil bo'lmoqda.

Jumladan, Toshkent kimyotexnologiya institutiga Shayxontohur va Mirzo Ulug'bek tumanidagi 10 ta mahalla biriktirilgan. Muassasamiz professor-o'qituvchilari “Bir ziyoli — bir mahallaga ma'naviy homiy” tamoyili asosida mahallalardagi o'g'il-qizlar, xususan, uyushmagan yoshlarni ilm-fan va kasbga yo'naltirish, bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ko'maklashish, ijtimoiy holatini yaxshilash, ma'naviyma'rifiy targ'ibot ishlarini tashkil etish borasida salmoqli ishlarni bajarmoqda.

Joriy o'quv yilida institutning talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi ko'z kasalliklari bo'yicha 1–2-guruh nogironi, chin etim va etim, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar har oylik to'lovdan 100 foiz ozod qilindi. Umumiy kasalliklar bo'yicha 2-guruh nogironi bo'lgan, o'z vazifasini namunali bajarib kelayotgan kengash raisi, qavat sardorlari hamda turar joy kutubxonasi uchun mas'ul talabalar har oylik to'lovning 50 foizini to'laydi.

Shuningdek, ushbu o'quv yili davomida “Temir daftar”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, institut jamoat ishlarida faol, iqtidorli hamda ijara shartnomasi bo'yicha ijarada turuvchi talabalarga ham moddiy yordam ko'rsatildi. “Temir daftar”ga kiritilgan 1-kurs talabalarining 5 nafariga bir yillik kontrakt-to'lov puli to'landi. Institutning iqtidorli, jamoat va sport tadbirlarida faol 101 nafar, ijtimoiy himoyaga muhtoj 41 nafar talabasi moddiy rag'batlantirildi. Institut talabalar turar joyi bilan to'liq qamrab olinmagani bois, ijara huquqi asosida yashayotgan va ijara shartnomasini tuzgan 56 nafar talabaning ijara puli to'lab berildi.

2021 - yilda mamlakatimizda qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, “Navoiyazot”da ammiak, karbamid va azot kislotasi ishlab chiqaradigan majmualar, Qashqadaryo viloyatining G'uzor tumanida “Uzbekistan GTL” zavodi va boshqa ko'plab yirik loyihalar ishga tushirildi.

“Uzbekistan GTL” zavodi mamlakatimizda va umuman, mintaqada neft`-gaz kimyo sanoati sohasidagi eng yirik korxonadir. Yangi O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati aynan mana shunday majmualarda yaqqol namoyon bo'ladi. Ushbu zavod qurilishida qatnashgan mutaxassislarning qariyb 80 foizi mahalliy kadrlar, xususan, yangicha ishlashga chanqoq, azmu shijoatli yoshlarimiz, bitiruvchilarimizdir.

Endi oldimizda viloyatda neft`-gaz va kimyo sanoatining istiqbolli yo'nalishlari uchun kadrlar tayyorlash rejalarini belgilash, kasbhunar markazlarining o'quv dasturlari va o'qitish metodikasini zamonaviy ishlab chiqarish talablari asosida qayta ko'rib chiqish, o'qish jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bog'lab, har bir o'quvchining o'z mutaxassisligi bo'yicha bevosita ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o'tashini tashkil etish kabi dolzarb masalalar turibdi. Bunda, ayniqsa, yoshlarni yangi o'rnatilgan murakkab uskunalarda ishlash, ularni avtomatlashgan holda boshqarish, texnolog, argon payvandlash kabi zamonaviy kasblarni o'rgatishga alohida e'tibor qaratiladi.

Joriy yildan institutga xorijiy mutaxassislar jalb qilinmoqda, zamonaviy dasturiy ta'minot va simulyatorlar olib kelinmoqda. O'zbekistonda barpo qilinayotgan yangi klaster tizimidagi korxonalar ishga tushishi natijasida mamlakatimiz sanoati texnologik jihatdan bir necha qadam ilgarilaydi, desak to'g'ri bo'ladi. YAngi klaster korxonalari nafaqat neft`-gaz va kimyo sohasi, balki respublikamizning barcha sanoat tarmog'i uchun texnologik va loyihalashtirish echimlari va standartlari, zamonaviy boshqaruv va IT texnologiyalar yo'nalishlari bo'yicha yaqqol namuna bo'ladi. Biz bu orqali mazkur zamonaviy majmua atrofida yangi yuqori texnologik xizmatlar tizimini tashkil qilamiz. Albatta, yangi korxonalar ilm-fan va innovatsiyalar uchun ham samarali maydonga aylanadi.

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish va ilm-fan o'rtasida integratsiyani rivojlantirish masalasiga doim alohida e'tibor qaratmoqda. Chunonchi, Toshkent viloyatining Ulug'bek shaharchasida ilmiy kimyo klasterini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Unga ko'ra, 60 gektar maydonda ma'muriy va o'quv binolari, laboratoriyalar, O'zbekiston — Koreya ilmiy markazi, ilmiy xodimlar uchun turar joy, yotoqxona, amfiteatr, bog' va quyosh elektr stantsiyasi barpo etish ko'zda tutilgan. 2024 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan mazkur kimyo sanoati ilmiy klasteri 8 ming talabaga mo'ljallangan 3 ta oliy o'quv yurti, ya'ni Rossiyaning Mendeleev kimyo universiteti, Vengriyaning Debretsen universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya instituti, nufuzli ilmiy tashkilotlar va laboratoriyalarni o'z ichiga oladi.

Muxtasar aytganda, Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi xalq bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilish, jamiyat va davlat boshqaruvining har bir nuqtasida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash va davlat idoralarini, tom ma'noda, xalqqa xizmat qiladigan maskanga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Botir USMONOV,

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori, professor