Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti “Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish” boʻlimi, “Ispan tili amaliy fanlar” kafedrasi hamda FVV Akademiyasi “Tillar” kafedrasi bilan hamkorlikda “Roman-german tillarining dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.

Anjumanda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili togʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi, pedagogika fanlari doktori, professor O.Jamoldinova, bir qator xorijiy davlat universitetlari professorlari, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi professor-oʻqituvchilari, magistrantlar, talabalar, kursantlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Anjumanni universitet rektori Ulugʻbek Azizov ochib, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar, iqtidorli talabalarni aniqlab, ularga zamonaviy shart-sharoitlar yaratilayotgani, oʻz sohalari boʻyicha ijodiy va mustaqil dunyoqarashini shakllantirilayotgani hamda xorijiy davlatlarning turli sohadagi bir qator mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlik qilinayotgani xususida taʼkidlab oʻtdi.

Anjuman doirasida talaba yoshlar tomonidan bir qator qiziqarli chiqishlar, ispancha raqs-kuylar ijro etildi, shuningdek, FVV Akademiyasi kursantlarining harbiy sohadagi koʻrgazmali chiqishlari va chet tillarida mohirona ijro etilgan kuy-qoʻshiqlari anjuman qatnashchilarida iliq taassurotlar qoldirdi.

Anjuman yakunida tashkilotchilar tomonidan mehmonlarga va faol yoshlarga tashakkurnoma, sertifikat va esdalik sovgʻalari topshirildi.

— Nufuzli xorijiy davlatlarning professor-oʻqituvchilari ishtirokidagi mazkur xalqaro anjumanda ishtirok etayotganimdan bagʻoyat xursandman va men tashkilotchilarga anjumanni yuqori saviyada tashkil etgani uchun oʻz minnatdorligimni bildirmoqchiman, — deydi ispaniyalik mutaxassis Xose Enrike Godines. — Bunday uchrashuvlar va anjumanlar zamirida yoshlarni ilm-fan va zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosidagi ilmiy-tadqiqot ishlariga yanada qiziqtirish hamda ularning isteʼdodlarini namoyon qilish mujassamdir.

Malohat Badalbayeva,

FVV Akademiyasi katta oʻqituvchisi, podpolkovnik