Oʻzbekistonda chet tili boʻyicha tajribali va malakali oʻqituvchilar yetishmasligi til taʼlimi sifatini pasaytirmoqda. Grammatika va eslab qolishda ifodalanadigan anʼanaviy oʻqitish usullari samarali muloqotga yordam bermaydi. Ushbu muammoni hal qilishda til oʻqituvchilari uchun ilgʻor tajribalar, til oʻrgatishga yoʻnaltirilgan kuchli metodik bilimlar va jonli muloqot muhitidan foydalanishga qaratilgan taʼlim dasturlariga sarmoya kiritish zarur.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hududlardagi oʻqituvchilar uchun bepul tashkil etgan TESOL (ingliz tilini boshqa til oʻquvchilariga ikkinchi til sifatida oʻqitish) va TEFL (ingliz tilini chet til sifatida oʻqitish) kabi taʼlim dasturlari uslubiy jihatdan ahamiyatli boʻlib, yuqori samaradorlikka ega. Ushbu dasturlar boʻlgʻusi pedagoglarga ingliz tilini chet til sifatida muvaffaqiyatli oʻrgatish uchun zarur vosita va koʻnikmalarni taqdim etdi. Talabalarning oʻziga xos ehtiyojiga moslashtirilgan turli oʻqitish uslublari va pedagogik tamoyillarni chuqur oʻrganish bilan TESOL va TEFL dasturlari ishtirokchilari malakali va oʻziga ishonchi baland oʻqituvchilarga aylanadi.
Chet tilda bexato muloqot qilish va samarali foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirish uchun grammatika hamda muloqot oʻrtasidagi muvozanatni topish, oʻqitish metodikasini ham qayta koʻrib chiqish kerak. Zamonaviy til resurslari va texnologiyalaridan foydalanish ushbu muvozanatli yondashuvni toʻldiradi. Oʻquv jarayonini yanada qiziqarli va samarali qiladi. Ammo bu muammoning boshqa tomoni ham bor. Kelgusi uch yilda maktablarning 54 ming oʻqituvchisiga xalqaro til sertifikati berilishini taʼminlash vazifasi qoʻyilgan edi. Koʻp hamkasblarim, jumladan, oʻzim uchun ham bunday savol tugʻiladi: bu oʻqituvchilardan qanchasi ushbu sertifikatni olgandan keyin maktablarda ishlashni davom ettiradi? Prezident qarori bilan C1 darajadagi sertifikatga ega oʻqituvchilarga 50 foizli qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish belgilangan boʻlsa ham maktablardagi maosh xususiy taʼlim dargohlari oʻqituvchilariniki bilan raqobatlasha olmasligi mumkin. Bundan tashqari, maktablar va xususiy tashkilotlarda (jumladan, oʻquv markazlarida) ish sharoiti sezilarli darajada farq qiladi. Bu ham eʼtiborga olinishi zarur boʻlgan muammo.
Xalqaro til sertifikatiga ega oʻqituvchilarning natijalarini kuzatish va ularni ragʻbatlantirish bir necha yoʻl bilan amalga oshirilishi mumkin. Birinchi navbatda, monitoring va baholash juda muhim. Davlat sertifikatini olgandan keyin oʻqituvchilar ishidagi oʻzgarishlarni kuzatadigan monitoring tizimini joriy qilsa boʻladi. Bu oʻquvchilarning xorijiy tilni oʻrganishdagi yutuqlarini, tilni bilish darajasi va umumiy oʻqitish samaradorligini baholashni oʻz ichiga olishi kerak. Bundan tashqari, maʼlumotlarni tahlil va tadqiq qilish ham muhim. Tadqiqotlar oʻtkazish va maʼlumotlarni tahlil qilish dastur samaradorligini va uning taʼlim natijalariga taʼsirini baholashga yordam beradi. Bu strategiyani takomillashtirish va qaror qabul qilish uchun asos boʻlishi mumkin. Asosiy vazifa oʻqituvchilarni kasbiy oʻsishga ragʻbatlantirish va talabalarga yuqori sifatli taʼlim berish oʻrtasidagi muvozanatni topishdir.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab kunduzgi taʼlimning 2–4-kurs talabalari uchun “4+2” formatida tizimli amaliyot oʻtkazilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida talabalar uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlari oliy taʼlim muassasalarida toʻrt kun, umumtaʼlim maktablarida ikki kun tartibida taqsimlanadi. Bu konstruktiv yondashuv va tajribali oʻqituvchilarni tayyorlashga qaratilgan muhim qaror. Bunday amaliyot shakli samara berishi uchun tizimdagi ayrim muammolarni hal qilish zarurati ham yoʻq emas.
Dastlab amaliyotni tashkil etishda talabalarning kichik guruhi uchun universitet tomonidan tajribali metodist-oʻqituvchi biriktirilishi koʻzda tutilgan. Biroq amaliyot soati oʻqituvchi yuklamasida auditoriya soati singari malakalanmagani bois, amaliyotga rahbarlik qilish oʻqituvchiga qoʻshimcha ish, qoʻshimcha yuklama. Koʻp hollarda amaliyot rahbarining ayni shu kunlari universitetda auditoriya mashgʻulotlari ham qoʻyilgan boʻladi. Natijada metodist-oʻqituvchi amaliyot hududiga bora olmaydi. Binobarin, talabalar amaliyot rahbarining nazorati va qoʻllab-quvvatlashi, maslahati bilangina amaliyotni unumli oʻtashi mumkin.
2022/2023 oʻquv yilidan davlat taʼlim muassasalarining xorijiy tillar oʻqituvchilari lavozimiga ishga yangi qabul qilinayotgan talabgor kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozimligi belgilangan.
Ishga qabul qilinayotgan oʻqituvchilarda xalqaro til bilish sertifikati mavjud boʻlishi zarurligi haqida talabni joriy etish har jihatdan toʻgʻri. Biroq til taʼlimi boʻyicha mutaxassislar tayyorlovchi universitetlarning bitiruvchilari va ularning diplomi haqida jiddiy oʻylab koʻrdikmi? Amaldagi standartlarga koʻra, boʻlgʻusi chet tili oʻqituvchilari tayyorlanayotgan universitetlarning abituriyenti xorijiy tilni C1 darajasida bilishi kerak. Bu shuni anglatadiki, chet tili oʻqituvchilari tayyorlaydigan taʼlim yoʻnalishlari diplomiga ega boʻlish oʻsha tilni C1 darajada bilishni avtomatik ravishda tasdiqlaydi. Ushbu talab amalda tatbiq etilmoqdami, talabalarga chet tilni oʻrgatishga ruxsat etuvchi diplom berishdan oldin bitiruvchilarning C1 darajasidagi bilimga egaligi qanday baholanmoqda, degan savollarga eʼtibor qaratish lozim.
Ehtimol, hujjatni berishdan oldin til bilish tekshiruvini xalqaro standartlar asosida oʻtkazish yoki davlat yakuniy imtihonini oʻtkazish davomida bitiruvchilarning pedagogik kompetensiyalarini ham baholash uchun alohida sinov shaklini joriy qilish mantiqan toʻgʻridir. Ishga joylashish uchun chet tili oʻqituvchilaridan til sertifikatini talab qilish bitiruvchilarga nisbatan potensial kamsitish sifatida qaralishi mumkin. Chunki matematika yoki tarix fakulteti bitiruvchilari hujjat topshirishda ushbu fanlar boʻyicha oʻz bilimini isbotlashi shart emas.
Biz nazarda tutayotgan professional baholash nafaqat yuqori malaka koʻrsatkichi boʻlib xizmat qilishi, balki muayyan taʼlim dasturlari yoki maxsus koʻnikmalar muvaffaqiyatli rivojlanishini ham koʻrsatishi mumkin. Bunga ilgʻor oʻqitish usullari, innovatsion oʻquv materiallaridan foydalanish va taʼlimning hozirgi tendensiyalarini chuqur tushunish kiradi. Til sertifikatiga ega boʻlish har doim ham yuqori sifatli oʻqitish kafolati emas. Taʼlim jarayonida nazariy bilimdan tashqari pedagogik tajriba, turli taʼlim uslublariga moslasha olish, oʻquvchilarning har biriga individual yondashuv va ularni taʼlim jarayonida samarali ragʻbatlantirish qobiliyati ham muhim. Bunday koʻnikmalar har doim ham sertifikat orqali rasmiylashtirilmasligi mumkin, ammo ular optimal taʼlim natijalari uchun zarur.
Boshqa tomondan, til sertifikatiga ega boʻlish faqat tilni bilishni tasdiqlaydi, lekin oʻqituvchining kasbiy tayyorgarligi bunday sertifikatlarda aks etmasligini unutmaslik kerak. Masalan, IELTS sinovida 7 va undan yuqori ball toʻplaganlik sertifikatiga ega boʻlish odamning ingliz tilini oʻrgatish boʻyicha uslubiy koʻnikmaga egaligini, darsni boshqarishga qodirligi va oʻquvchilarni ilhomlantira olishini anglatmaydi. Oʻquv rejaga kiritilgan pedagogika va metodika fanlari mazmunini yangilash, shuningdek, oʻqituvchilarning pedagogik mahoratini tasdiqlovchi xalqaro mezonlar bilan tasdiqlangan kasbiy baholash tizimini joriy etish muhim ahamiyatga ega.
Yurtimizda chet tillarni oʻrgatish bilan bogʻliq muammolar yoʻq emas, ammo ularni hal etish yoʻllari bor. Oʻqituvchilar malakasini oshirish, oʻquv dasturlari ishlab chiqish, tilni yaxshi oʻzlashtirish, oʻqitish metodikasi va texnologiya integratsiyasi masalalarini hal qilish orqali til taʼlimini takomillashtirishda sezilarli yutuqlarga erishsa boʻladi. Kasbiy rivojlanish va malaka oshirish uchun teng imkoniyat yaratish asosiy omil boʻlib, til sertifikatiga ega va bunday sertifikatga ega boʻlmagan pedagoglarning oʻqitish samaradorligini tahlil qilish taʼlim strategiyasini takomillashtirish uchun qimmatli maʼlumotlar taqdim etishi mumkin. Sertifikatga ega oʻqituvchilar faoliyatini monitoring qilish, baholash va tahlil qilish, shuningdek, maʼlumot hamda tadqiqotlar asosida strategiyani toʻgʻri belgilash orqali oʻqituvchilarning kasbiy oʻsishiga koʻmaklashish va talabalarga yuqori bilim berish oʻrtasidagi muvozanatga erishiladi. Barcha manfaatdor tomonning samarali hamkorligi va bu borada muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlarning taʼlim tizimidagi oʻziga xos xususiyatlarni muntazam oʻrganib, zarur oʻrinlarda oʻzlashtirib borish til taʼlimida yaxshi natijalarga erishishning asosi boʻladi.
Nozliya NORMURODOVA,
filologiya fanlari doktori









