Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida oliy taʼlimga qamrovni amaldagi 28 foizdan 50 foizga yetkazish nazarda tutilgan. Ushbu maqsadni amalga oshirish yoʻlida soʻnggi yillarda muayyan ishlar bajarildi.
Jumladan, xorijiy tillarni oʻqitish tizimini isloh qilishga qaratilgan qator meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda bu yil 19-yanvardagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari shular jumlasidan.
“Xorijiy tillarni oʻrganishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga koʻra, 2022/2023 oʻquv yili qabulidan boshlab Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand chet tillar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qoʻqon va Nukus davlat pedagogika institutlarining xorijiy tillar boʻyicha pedagoglar tayyorlovchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun abituriyentlar kasbiy (ijodiy) imtihondan oʻtadi. Kirish sinovi chet tili fanidan tinglab tushunish, oʻqish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratiladi.
Yangi tartibning afzalliklari koʻp. Avvalo, mazkur imtihon orqali qobiliyatli, bilimli nomzodlar tanlab olinadi. Abituriyent OTMga faqat qoida va testlarni yodlash orqali emas, balki til koʻnikmalarini oʻzlashtirgan holda kiradi. Bunday talaba bilan shugʻullanish oʻqituvchiga ham yengillik yaratadi. Pedagog talabada mazkur koʻnikmalarni rivojlantirishga emas, balki takomillashtirishga koʻproq eʼtibor qaratadi. Oʻz navbatida, talabalar ham mutaxassislik fanlarini qiyinchiliksiz, mustaqil bemalol oʻzlashtiradi.
Ushbu qaror taʼlimning barcha bosqichini ham qamrab olgan. Bu xorijiy tillarni oʻqitish va oʻrganish jarayoni uzviyligini taʼminlashga imkon beradi. Shuningdek, qarorda xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish uchun oʻquv binolarini zarur uskunalar bilan taʼminlash, samarali deb topilgan metodlar, adabiyotlar va boshqa texnologik vositalarni xarid qilish uchun davlat byudjetidan moliyaviy yordam ajratish koʻzda tutilgan. Bu saʼy-harakatlar professor-oʻqituvchilarning chet tillarni oʻqitish samaradorligini oshiruvchi takliflarini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.
Jumladan, kelgusida ingliz tili boʻyicha samarali material va adabiyotlar chop qiluvchi mashhur bosmaxonalar (Oxford, Macmillan) bilan hamkorlikda milliy mentalitet va madaniyatimizga mos keluvchi, nafaqat tinglab tushunish, oʻqish, yozish va gapirish, balki sotsiolingvistik, pragmalingvistik, strategik, diskursiv kompetensiyalarni rivojlantirishni oʻz ichiga olgan darajalarga moslashtirilgan kitob va dars liklar yaratish va chop etish mumkin. Shuningdek, chet tili fani oʻqituvchilarining til koʻnikmalarini shakllantirish kurslari tashkil qilinadi.
Bugungi kunda barcha fanlarni oʻqitish jarayoniga kompetensiyaviy yondashuv keng tatbiq etilmoqda. Endi oʻquvchi va talabalarga fan boʻyicha bilim, koʻnikma va malaka berishning oʻzi yetarli emasligi, balki hosil qilingan tushunchalarni turli vaziyatlarda amaliy qoʻllash layoqatini shakllantirish zarurligi ayon boʻlmoqda.
Qarorning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, xorijiy davlatlarda chop etilgan zamonaviy, oʻquvmetodik, ilmiy adabiyotlar, darsliklar va qoʻllanmalarni, xalqaro testlarni va ularni joriy etish boʻyicha ruxsatnoma hamda litsenziyalarni xarid qilish masalasi koʻtarilgan. Bu jarayon yoʻlga qoʻyilishi bilan chet tilini oʻqituvchilar va oʻrganuvchilar xorij tajribasidan bemalol foydalanishi va chet tillarni mukammal oʻrganishi mumkin.
Ushbu qaror kelgusi avlod uchun yanada keng imkoniyat eshiklarini ochadi. Yangi Oʻzbekiston kelajagini barpo etish uchun samarali va foydali boʻladi. Shuningdek, xorijiy tillarni oʻqitish sifatini oshiradi va koʻplab bilimga chanqoq yoshlarni til oʻrganishga yanada ruhlantiradi.