Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti yurtimizdagi shu yoʻnalishlardagi eng yirik ilmiy markaz hisoblanadi. Institutda oʻzbek adabiy tili, sotsiolingvistika, oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixi, XX asr oʻzbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon, adabiyot nazariyasi va adabiy aloqalar hamda folklor kabi bir nechta boʻlimlar, shuningdek, folklor arxividek noyob ilmiy obyekt mavjud. Mazkur boʻlimlarda xalqimizning qadimiy milliy oʻzligi oʻzagini tashkil qiluvchi va uni salomat saqlovchi til, badiiy soʻz hamda xalq ogʻzaki ijodi durdonalari tilsimoti, shuningdek, ulardagi qiyossiz sinoatlarni inkishof qilish kabi muntazam ilmiy muddaolar asosida tadqiqotlar olib boriladi.
Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor, zamonaviy oʻzbek tilshunosligining yirik vakili Nizomiddin MAHMUDOV bilan kechgan suhbatimiz oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida hamda xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish masalalari va bugungi adabiy jarayonlar haqida boʻldi.
— Bugungi kunda Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining asosiy missiyasi nimadan iborat? Muassasa oʻz oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalarni qay darajada uddalamoqda?
— Til faqatgina shakl yoki ovozdan iborat mohiyat yoxud hodisa emas, balki u benihoya koʻp vazifalarga ega boʻlgan bebaho neʼmatdir. Atoqli olmon allomasi Vilgelm fon Gumboldt va uning zukko davomchilari tomonidan dangal eʼtirof etilganidek, til kishilar oʻrtasidagi shunchaki aloqa vositasigina emas, balki u millatning koʻrar koʻzi, eshitar qulogʻi va anglar aqlidir. Har bir xalqning boshqalardan farq qiluvchi oʻziga xos milliy nigohi mavjud boʻlib, muayyan bir til vakili muayyan bir tovushni boshqasidan farqli ravishda eshitadi. Masalan, muayyan jonivor chiqaradigan tovushni barcha til egalari ham aynan bir xilda eshitmaydi. Shuning uchun til olamni bilishning birlamchi va qudratli quroli sanaladi.
Til va tafakkur biri ikkinchisisiz mavjud boʻla olmaydigan hodisalardir. Bu haqiqat uzoq vaqt davomida inkor etib kelindi: goʻyoki til shakl, tafakkur esa mazmun, til esa tafakkurni ifodalovchi shunchaki bir shakldek talqin qilindi. Shu oʻrinda mashhur “Tirik rus tilining izohli lugʻati” yaratuvchisi Vladimir Dalning (onasi olmon, otasi daniyalik) quyidagi soʻzlarini esga olish kifoya qiladi: “Na kasb-kor, na diniy eʼtiqod va na ajdodlar qoni kishining u yoki bu xalqqa mansubligini koʻrsatadi... Kim qaysi tilda oʻylasa va tafakkur qilsa, u oʻsha xalqqa mansubdir. Men ruscha oʻylayman”.
Dunyo adabiyotining nomdor namoyandasi Chingiz Aytmatov “Avezov haqida soʻz” maqolasida “Til xalqning avtoportretidir” tarzidagi behad mantiqli va obrazli taʼrifni keltirib oʻtgan. “Avtoportret” rassomning oʻz qoʻli bilan chizgan shaxsiy tasviridir. Chindan ham, masalan, oʻzbek tili oʻzbek xalqining siyratu suratini, tafakkur va taxayyul olamini, shuningdek, oʻtmishu bugunini boricha aks ettiradigan hamda eng muhimi, shu tilning oʻzi vositasida va “oʻz qoʻli” bilan “chizilgan” ham ichki, ham tashqi xolis qiyofasidir. Albatta, bu qiyofa xalqimizning ming yillik lisoniy-tarixiy taraqqiyoti jarayonlarida, betakror madaniy va aqliy, adabiy-badiiy durdonalarida yaqqol boʻy koʻrsatib turibdi. Mazkur qiyofa parvarishu muhofazaga, eʼzozu ehtiyotga muhtoj, koʻz qorachigʻidek asrashga va yanada kamolot sari eltishga shoyon boʻlgan muhtasham boylikdir. Shuning uchun nafaqat yurtimiz tilshunosligida, balki dunyo tilshunosligida ham tilni uning egasi, yaʼni sohibi bilan birgalikda oʻrganish tamoyili (antropotsentrik tilshunoslik) yetakchilik qilmoqda.
Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini oshirish, taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini yuksaltirish, shu bilan birga, davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va zamonaviy axborot texnologiyalari hamda kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash institut faoliyatining asosiy yoʻnalishi sanalib kelinmoqda. Soʻnggi sakkiz-toʻqqiz yil ichida bu boradagi ilmiy izlanishlar puxta ishlangan rejalar asosida amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bevosita oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan boʻlib, unda 2020- 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlangan, shuningdek, 21-oktyabrni Oʻzbek tili bayrami kuni deb belgilash va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtish choralari koʻzda tutilgan. Shubhasiz, bu farmon davlat tilini yanada rivojlantirish borasidagi ishlarni har jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi.
Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining ishchi organi hisoblanadi. Taklif qilingan yangi soʻz va atamalarni ilmiy jihatdan oʻrganish, ekspertizadan oʻtkazish, jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilish hamda yangi soʻz va atamalar boʻyicha takliflarni Atamalar komissiyasiga kiritib borish vazifasi aynan institutimiz olimlari zimmasiga yuklatilgan.
Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hozirgi kunda yana qayta koʻrib chiqilmoqda. Ilgari qamrab olinmagan jihatlarni yangi qonunda aks ettirish ustida jiddiy harakatlar qilinyapti. Zero, ona tili va davlat tili juda muhtasham tushunchalardir. Ona tili degani, yuqorida aytib oʻtganimdek, bu oʻsha millatning barcha narsasi: ichi, tashi, qalbi, yuragi, tarixi va bugunidir. Lekin uzoq yillar davomida oʻzbek tiliga goʻyoki faqatgina aloqa vositasi, yaʼni ikki odam oʻzaro gaplasha oladigan vosita sifatida munosabatda boʻlindi. Aslida, XX asrning oxiri va XXI asrning boshlarida dunyo tilshunosligida antroposentrik tilshunoslik yoʻnalishi shakllandi. Tilshunoslikda bevosita tilning oʻzi oʻrganiladi, lekin tilning markazida odam, uning tarixi, psixologiyasi, ruhiyati va mentaliteti turadi. Tilni oʻrganganda u faqat ega, kesim yoki ot, sifat, son emas, balki millatning kelib chiqishi, mentaliteti, tarixi, ruhiyati va tafakkuri sifatida ularning barchasi bilan birgalikda yaxlit oʻrganilishi kerak.
Institutimiz tilshunoslari tomonidan yaratilgan 6 jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” ham mutaxassislar va keng jamoatchilik tomonidan juda iliq kutib olindi; ushbu lugʻat 80 mingdan ortiq soʻzni oʻz ichiga olgan. Hozirgi kunda lugʻat yanada kengaytirilib, uning 10 jildligini tayyorlash ustidagi ishlar muntazam va jadal surʼatlarda kechmoqda.
Institutimizda nafaqat davlat tili, balki adabiyot va folklor yoʻnalishlari boʻyicha ham koʻplab ishlar bajarilmoqda. Albatta, folklor va adabiyot yoʻnalishlari ilgari ham juda chiroyli tarzda tadqiq etib kelingan. Institutimiz tarixida adabiyot ilmi va fani bilan bogʻliq eʼtiborga molik izlanishlarga misollar juda koʻp topiladi. Izzat Sultonning “Adabiyot nazariyasi” asari Markaziy Osiyo xalqlari orasida adabiyot nazariyasiga oid birinchi asar sifatida eʼtirof qilinadi. Oʻz davrida qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqilgan bu kitobning ahamiyati hozirgi kunda ham aslo kamaymagan.
Bugungi kunda adabiyot nazariyasiga daxldor izlanishlar va yangilanishlarni muttasil hamda muntazam ravishda tadqiq etishni davrning oʻzi talab qilmoqda. Demakki, adabiyot nazariyasining eski davrlar talabi bilan yuzaga kelgan yakrang talqinlarini yangilash, shuningdek, mumtoz adabiyotimizdagi yuksak oʻlchovlarni zabt qilgan durdonalarga xos boʻlgan nodir qonuniyatlarni inkishof qilish bugungi kunimizdagi behad dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Ana shularni hisobga olgan holda institutimizning Adabiyot nazariyasi va adabiy aloqalar boʻlimi professor B.Toʻxliyev rahbarligida 2 jilddan iborat “Milliy adabiyot nazariyasi” tadqiqotini yaratishga kirishgan. Unda nomidan ham anglashilib turganidek, umuman adabiyot nazariyasi emas, balki milliy adabiyot nazariyasi tadqiqot obyekti sifatida tanlab olingan. Bu, shubhasiz, oʻzbek adabiyotshunosligida shakllangan yangicha yondashuvning natijasidir.
Institutning XX asr oʻzbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon boʻlimida 2 jildli “Jadid adabiy ensiklopediyasi”ni yaratish ustidagi ishlar jadal surʼatlarda davom etmoqda. Bu oʻziga xos tadqiqot ham tamoman yangi bir ish boʻlib, u professor Ergash Ochilov rahbarligida bajarilmoqda.
Hozirgi kunda institutda sakkizta boʻlim faoliyat koʻrsatib turibdi. Yana bitta noyob obyekt — Folklor arxivi boʻlimida 1920-1928-yillarda Hodi Zarif tomonidan toʻplangan folklor materiallari saqlanmoqda. Ayni paytda ana shu nodir durdonalarni raqamlashtirish bilan bogʻliq amaliy harakatlar ketyapti. Bu juda katta maʼnaviy meros. Oʻzbekistonda 2012-yildan boshlab “Oʻzbek xalq ijodi durdonalari” nomli 100 jildli kitoblar toʻplami nashr etilib kelinmoqda. Hozirga qadar ushbu kitobning 50 jildi chop etildi. Doston, terma va oʻlanlar, umuman olganda, xalq ogʻzaki ijodiga daxldor nimaiki boʻlsa, barcha folklor asarlar jamlanib, yaxlit toʻplam holatiga keltirilgan. Bu ishlar hali ham davom etmoqda. 2030-yilgacha qolgan 50 jildning ham nashrdan chiqishi koʻzda tutilgan.
— “Adabiyoti boʻlmaydigan millat yoʻqlikka mahkum” degan edi zamondosh shoirlardan biri. Darhaqiqat, har qanday millatning shakllanishi, oʻzini tanishi va maʼnaviy yuksalishida adabiyotning oʻrni beqiyos. Zero, hech narsa inson ruhiyatiga adabiyotchalik malham va najot boʻla olmaydi. Bugungi kunda millatning maʼnaviy iqlimini yaratish yoʻlidagi urinishlar va adabiyotning jamiyatga taʼsiri xususida nima deya olasiz? Adabiyot bugun jamiyatni tarbiyalayaptimi yoki faqatgina oʻrganilyaptimi?
— Adabiyot, hech shubhasiz, soʻz sanʼatidir. Mashhur insonlardan biri “Adabiyotning boshi folklordir” degan edi. Ha, adabiyot bu soʻzdir va shu bilan birga, u folklordir. U xalqning ertagi, dostoni va qoʻshigʻi demak. Millatning, umuman olganda, badiiy tafakkur dunyosining ilk ifodachisi, uni ilk bor namoyon qiladigan va inʼiko qildiradigan vositasi — folklor. Adabiyot esa shundan bir qadam yuqoriga koʻtarilgan, yozma shaklda va tegishli tarzdagi adabiy tafakkurlar hamda tasavvurlar bilan birga paydo boʻlgan jarayondir. Adabiyotsiz millat, adabiyotsiz xalq boʻlishi aslo mumkin emas. Chunki millatning va xalqning rivojini, uning kechagi kuni hamda orzu-umidlarini koʻrsatadigan asosiy vosita bu — adabiyot. Shuning uchun adabiyot juda katta kuch sanaladi.
Bugun mamlakatimizda nashr qilinayotgan asarlarning hammasini ham bir xil saviyada deb boʻlmaydi, albatta. Ularning saviyasi aslida hech qachon bir xil boʻlgan emas. Qaysidir paytlarda balandroq choʻqqiga chiqqan boʻlsa, yana qaysidir pallalarda orqaroqqa ketgan. Lekin adabiyot yoshlarimizning maktab davridan boshlab shakllanadigan dunyoqarashini ushlab turadigan oʻziga xos tayanch ustundir. Bugungi kunda bolalar adabiyoti bir qadar oqsayotgani sir emas. Oʻtgan asrning 60-70 yillaridagi mavjud boʻlgan yolqin bugungi bolalar adabiyotida unchalik sezilmayapti.
Oʻzbek adabiyotida juda goʻzal asarlar yaratayotgan, shu davrning chirsillab turgan muammolariga oʻz munosabatini bildirayotgan va ushbu muammolarni hal qilish yoʻllarini koʻrsatib berayotgan nosirlar hamda shoirlar talaygina. Masalan, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamning asarlari bugungi nasrda davr muammolari va dardini koʻrsatib, ularni tuzatishga yoʻnalish berayotgan oʻziga xos asarlar sirasiga kiradi. Uning soʻnggi “Momaqaldiroq ostidagi sayr” romanida jamiyatdagi eng dolzarb masalalar bir necha qahramonning hayoti misolida ochib berilgan. Badiiy til nuqtayi nazaridan Erkin Aʼzam bugungi oʻzbek nosirchiligida yuksak darajalarni zabt etgan mohir yozuvchidir. Adiblarimiz chindan ham eʼtiborga loyiq asarlar bitmoqda. Modomiki, bunday asarlar bor ekan, adabiyot hamisha yashaydi va oʻzini goʻzal shakllarda namoyon qilaveradi.
— Institutda qaysi yangi nazariy yoʻnalishlar rivojlanmoqda? Raqamli lingvistika va sunʼiy intellekt qanday yoʻlga qoʻyilgan?
— Davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash oldimizda turgan eng muhim ishlardan biridir. Unga koʻra, qoʻlyozmalar hamda adabiyot va sanʼat asarlari raqamlashtirilmoqda. Shu maqsadda bir necha elektron platforma yaratildi. Jumladan, institut olimlari tomonidan “Jahon navoiyshunosligi” elektron platformasi ishlab chiqildi. Ayni paytda mazkur platforma dunyoning 8 ta tilida faoliyat yuritmoqda. Noyob obyekt sanalgan Folklor arxividagi 3000 ga yaqin birlikning raqamlashtirilayotgani esa mavjud materiallardan keng miqyosda foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Bundan tashqari, 2020-yilda institutimizda Sotsiolingvistika boʻlimi ochildi. Sotsio — jamiyat, lingvistika esa til, yaʼni tilshunoslik deganidir. Sotsiolingvistika bevosita jamiyat va til masalalarini oʻrganadi. Ushbu boʻlim bugungi jamiyatda davlat tili qay tarzda yashashi kerakligini ilmiy jihatdan tadqiq qiladigan tilshunoslik yoʻnalishidagi jiddiy boʻlimlardan biridir. Sotsiolingvistikaning mohiyati, uning boshqa tilli mamlakatlarda qay tarzda rivojlanayotgani hamda bizda bu yoʻnalishning qanday istiqbolga ega ekani haqida mazkur boʻlim tomonidan maxsus monografiya eʼlon qilindi. Oʻtgan yili bu asar tilshunoslik boʻyicha oʻtkazilgan eng yaxshi ilmiy asarlar tanlovida birinchi oʻrinni egalladi. Bundan tashqari, oʻtgan yili “Sotsiolingvistika terminlarining izohli lugʻati” ham nashr qilindi.
Sunʼiy intellekt yordamida til tarkibini tadqiq etishga xizmat qiluvchi, tilning nafaqat mazmunini, balki mental va psixik kabi xususiyatlarini ham ochib berishga u yoki bu tarzda yordam beradigan dasturlarni ishlab chiqish galdagi asosiy vazifalarimizdan sanaladi.
— Xalqaro hamkorlik samarasi nimalarda koʻzga tashlanmoqda? Oʻzbek adabiyotshunos olimlarining bugungi kunda dunyo ilm-faniga qoʻshayotgan hissasi nimalardan iborat? Shuningdek, jahon ilmiy maydonida milliy tilshunosligimiz qay darajada namoyon boʻlyapti?
— Oʻzbek tilshunosligi va oʻzbek adabiyotshunosligining dunyo filologiyasida oʻziga xos mustahkam oʻrni bor. Azaldan ustozlarimiz tashqi mamlakatlar bilan u yoki bu tarzda muntazam munosabatda boʻlib kelgan. Xorijlik hamkasblarimiz ham yurtimizga kelib, oʻzbek dostonlari, ertaklari, badiiy asarlari va, umuman, oʻzbek tili ustida koʻplab ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
Bundan 10-15 yillar muqaddam janubiy koreyalik Ingyong O xonim yurtimizga tez-tez kelib turardi. U bugungi kunda oʻz yurtida fan doktori, professor va katta bir institutda rahbar sifatida faoliyat koʻrsatyapti. Aynan shu xonim “Alpomish” va “Jumong” dostonlari oʻrtasidagi yaqinlik va farqlar mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlab ketdi. Qoʻshni Qirgʻiziston fuqarolari Barno Isʼhoqova va Xosiyat Bekmirzayeva esa institutning mustaqil tadqiqotchilari sifatida oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandalari boʻlmish Bobur Mirzo va Jahon otin Uvaysiy ijodi yuzasidan ilmiy izlanishlar qildi. Ular institutda faoliyat yuritayotgan oʻzbek adabiyoti ixtisosligidagi ilmiy kengashda oʻz dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega boʻldi.
2017-yilning may oyida Xitoyning Lanchjou universitetida bugungi oʻzbek tilshunosligidagi yangiliklar va yangi yoʻnalishlar borasida bir hafta mobaynida maʼruza oʻqib kelganman. Oʻz navbatida xorijlik hamkasblarimiz ham turli ilmiy anjumanlar doirasida yurtimizga tez-tez tashrif buyurib turadi.
Institut direktorining ilm-fan boʻyicha oʻrinbosari, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadovning “Navoiy ijodida soqiynoma” (“Sakinameh in Navoiʼs work”) nomli monografiyasi ingliz tilida “AMAZON” (Amerika, Sietl) nashriyotida chop etildi.
Kitobda oʻzbek mumtoz adabiyotida soqiynoma janrining taraqqiyoti, xususan, buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiyning “Favoyid ul-kibar” devonidan oʻrin olgan 32 band, 500 misraga yaqin soqiynomaning gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari atroflicha yoritib berilgan. Soqiynoma XV asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr va Xurosondagi ijtimoiy, madaniy hamda adabiy hayotni, qolaversa, Alisher Navoiyning hayoti, faoliyati, tarjimayi holi, yaqinlari, ustozlari, doʻstu birodarlari, Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlarini, shuningdek, ulugʻ shoirning temuriy shahzodalarga boʻlgan munosabati xususida bahs yurituvchi oʻziga xos manzumadir. Monografiya muallifi adabiy matn mazmuniga tayangan holda Alisher Navoiy fenomenining yorqin jihatlarini ilmiy asosda ochib bergan va teran tadqiq qilgan.
Mazkur kitob Prezidentimizning 2025-yil 7-fevraldagi “Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targʻib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yoʻlida tashlangan qadamlardan biridir. Ushbu monografiya buyuk vatandoshimizning ijodiy merosini xorijda ham keng targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yorqin namunasi boʻla oladi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.