Bunday holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasida Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish jinoyati sifatida hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda 22721-22723-moddalari bilan malakalanadi.

2022-yilning 6 oyi davomida jinoyat ishlari boʻyicha Namangan viloyati Yangiqoʻgʻon tuman sudi tomonidan tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan oʻtkazish bilan bogʻliq jami 42 ta jinoiy ish va 124 ta maʼmuriy ish koʻrilgan.

Jumladan, ish hujjatlariga koʻra, Sudlanuvchi S. A.A (jinoyat sodir etgan shaxslarning ismi-sharifi oʻzgartirilgan) 2021-yilning iyun oyida shaxsiga aniqlik kiritish imkoni boʻlmagan Qirgʻiziston Respublikasida yashovchi “Mars” ismli shaxs bilan jinoiy til biriktirgan.

Ular davlat chegarasi orqali qonunga xilof ravishda qimmatbaho metallarni oʻtkazish va sotish yuzasidan oʻzaro kelishib, 2021-yil 2-iyul kuni soat 10:00larda qirgʻizistonlik “Mars”dan juda koʻp miqdordagi, qariyb 300 million soʻmlik qimmatbaho metallarni Yangiqoʻrgʻon tumani, “Soyboʻyi” MFY hududida joylashgan “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasida qabul qilgan.

Ularni moddiy manfaatdorlik evaziga sotib berishi uchun oʻzining boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli transport vositasida tashib, “Namangan-Chortoq” yoʻnalishidagi yoʻlda kutib turgan A.Shokirovga olib kelib topshirgan. Fuqaro A.Shokirov esa qimmatbaho metall parchalarini oʻgʻli A.Turopovning boshqaruvidagi “Lasetti”siga yuklab, harakatlanmoqchi boʻlgan vaqtida DXX Namangan viloyati boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan ushlangan.

Tezkor koʻrilgan choralar vaqtida A.Shokirov mazkur transport vositasida voqea joyidan qochishga urinib, harakatini davom ettirish jarayonida oʻzida boʻlgan bir dona sellofan paketga oʻralgan qimmatbaho ashyolarni transport vositasidan yoʻl chetidagi ariqqa tashlab yuboradi. Oʻsha paytda maxsus xodimlar tomonidan majburiy ravishda toʻxtatilgan. Ashyoviy dalil sifatida olingan qimmatbaho metallarning umumiy ogʻirligi 603,45 gramm boʻlib, tarkibida 483,61 gramm sof oltin va 47,98 gramm sof kumush borligi aniqlangan.

Sud tomonidan tillafurush A.Shokirov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga shu kodeksning 57-moddasini qoʻllab, 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ha, hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi.

Sh.QURBONOV,

Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tuman sudi raisi