TIMSS bu — “Trends in International Mathematics and Science Study”,  ya'ni 4 va 8-sinf o'quvchilarining matematik va tabiiy-ilmiy yo'nalishlar bo'yicha ta'limdagi natijalarini xalqaro miqyosda baholaydigan tadqiqotdir.
Ushbu tadqiqot ilk marotaba 1995-yildan buyon amalga oshirila boshlangan.  24 yillik faoliyati davomida ushbu tadqiqotda ishtirok etayotgan mamlakatlar soni ortib bormoqda. Tadqiqot, Boston kollejidagi  xalqaro o'qitish markazi tomonidan tegishli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda boshqarib kelinadi.

TIMSS-2019  tadqiqotning 7-davriyligida 60 dan ortiq mamlakat va iqtisodiyotlar ishtirok etib, mazkur davlatlarda tahsil olayotgan 600 mingga yaqin o'quvchilarning matematik va tabiiy-ilmiy yo'nalishlar bo'yicha bilimlari baholandi.  , — deya xabar bermoqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.

Xalqaro tadqiqotning natijalari haqidagi ma'lumotlarni keltirib o'tadigan bo'lsak, unda tadqiqotda qatnashgan davlatlar kesimida 4 va 8-sinflar hamda matematika va tabiiy-ilmiy yo'nalishdagi natijalar alohida tahlil qilinganligini ko'rishimiz mumkin. Ta'kidlab o'tilgan to'rtala yo'nalish bo'yicha ham Singapur davlati etakchi o'rinni egallagan.
e'lon qilingan natijalarga ko'ra, matematika bo'yicha Singapurning 4-sinf o'quvchilari eng yuqori 625 ball, 8-sinf o'quvchilari esa 616 ball bilan 1-o'rindan joy oldi. Singapurdan keyingi o'rinlarda Gonkong 602 ball, Janubiy Koreya 600 ball, Xitoy Taypey 599 ball va Yaponiya 593 ball bilan joy egallagan bo'lsa, eng past natijani Marokash (383 ball), Quvayt (383 ball), Janubiy Afrika (374 ball), Pokiston (328 ball) va filippinlik (297 ball) o'quvchilar qayd etishgan.

Tabiiy-ilmiy yo'nalish bo'yicha Singapurning 4-sinf o'quvchilari eng yuqori natijani 595 ball, 8-sinf o'quvchilari esa 608 ball qayd etib, bu yo'nalishda ham dunyoda etakchi ekanliklarini yana bir karra isbotlab berdi.
 Har to'rt yilda o'tkaziladigan TIMSS dasturining navbatdagi tadqiqotida O'zbekistonning ishtirokini ta'minlash bo'yicha Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi va IEA tashkiloti o'rtasida olib borilgan muhokamalar natijasida, 2023-yilda bo'lib o'tadigan tadqiqotda ishtirok etish bo'yicha dastlabki kelishuvga erishilgan bo'lib, hozirgi kunda tadqiqotda qatnashishning o'ziga xos jihatlari muhokama qilinmoqda.
2021-yil fevral oyida o'tkaziladigan Milliy loyiha koordinatorlarining uchrashuvida IEA tashkilotining taklifiga binoan Ta'lim inspektsiyasi huzuridagi Ta'lim sifatini baholash bo'yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi vakillari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Ushbu tadqiqotda ishtirok etish mamlakatimiz o'quvchilarining bilimlarini dunyoning boshqa mamlakatlari o'quvchilari natijalari bilan solishtirish, ta'lim tizimining yutuq va kamchiliklarini baholash, tadqiqot natijasidan kelib chiqib, dalillarga asoslangan holda ta'lim sifatini oshirish bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda uzoq muddatli strategik qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston PISA, PIRLS  kabi boshqa yirik baholash dasturlarida ilk marotaba ishtirok etayotgan bo'lib, unga ko'ra PIRLS dasturining asosiy tadqiqot jarayonlari 2021-yil aprel oyida, PISA dasturining asosiy tadqiqot jarayonlari esa 2022-yil aprel-may oylarida o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Yuqorida ta'kidlab o'tilgan tadqiqotlar xalqaro standartlar va tartib-qoidalarga muvofiq xalqaro tashkilotlarning nazorati ostida Ta'lim inspektsiyasi huzuridagi Ta'lim sifatini baholash bo'yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan amalga oshiriladi.