Tinch, farovon va xotirjam hayotimiz kafolati

    Harbiy 14 Yanvar 2021 1532

    Poytaxtimizdagi “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

    ...Kun peshindan oqqan. Sanʼat saroyi oldidagi sayilgoh markazida oʻrnatilgan bayrogʻimiz baland va magʻrur hilpirab turibdi. Uning atrofi esa yurtdoshlarimiz bilan har qachongidan ham gavjum. Bir-necha kundirki sayilgohda harbiy texnikalar, qurol-aslahalar namoyishi boʻlib oʻtmoqda. Oʻgʻil-qizlar ota-onalari bilan ularni tomosha qilib, qalbida vatanparvarlik hissi joʻsh uradi.

    Qudratli harbiy texnikadan tushib kelgan yigitcha bilan suhbatlashib qoldik. Jamoliddin Abdujabbarov Chilonzor tumanidagi 173-umumtaʼlim maktabining 6-sinfida oʻqir ekan.

    – Tadbirkor boʻlmoqchi edim. Lekin hozir fikrim oʻzgardi. Endi harbiy boʻlaman, – dedi u. – Askarlar juda qatʼiyatli boʻlish bilan birga odobli, xushmuomala ekan. Tartibli, ozoda kiyinishi, viqor bilan yurishi menda havas uygʻotdi. Ular kuchli va sogʻlom. Bir askar akamiz meni mana bu mashinaga oʻtqazib, uni qanday boshqarish, qanday maqsadlarda foydalanish haqida erinmay tushuntirdi. Unga havas qildim. Men ham Prezidentimiz, ota-onam orzu qilgan yigit boʻlib, Vatanimga xizmat qilaman.

    “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi bayramona bezatilgan. Muhtasham zalga birin-ketin harbiy xizmatchilar, kursantlar, ularning ota-onalari, Qurolli Kuchlar faxriylari, senatorlar, deputatlar, hukumat aʼzolari, huquq-tartibot organlari xodimlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari kirib keldi.

    Davlatimiz madhiyasi yangradi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov oʻqib eshittirdi.

    Tabrikda qayd etilganidek, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi.

    Darhaqiqat, Oʻzbekiston mudofaa qudrati yildan-yilga oshib bormoqda. Bunda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilingani muhim ahamiyat kasb etdi. Keyingi 4 yilda mavjud qurol-aslaha, va texnikalar yangilanib, modernizatsiya qilindi. Harbiy tuzilmalar faoliyati, harbiy qism va muassasalar infratuzilmasi tubdan yaxshilandi. Zamonaviy talablarga javob beradigan dala oʻquv maydonlari barpo etildi.

    Harbiylarimiz, huquq-tartibot organlari xodimlari va ularning oila-aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu jihatlar ularni uy-joy bilan taʼminlash, sogʻligʻini saqlash, farzandlarini imtiyozli oʻqitish kabi jihatlarda namoyon boʻladi.

    Milliy armiyamizni tubdan isloh qilish natijasida harbiy xizmatchilarning nufuzi ortdi. Koʻcha-koʻyda harbiy libosdagi yigitlarga yana-da havas va hurmat bilan qaraydigan boʻldik. Qurolli Kuchlarimiz safida Vatanga xizmat qilish yigit-qizlarimiz uchun shon-sharaf timsoliga aylandi.

    Huquq-tartibot organlari xodimlarining maʼnaviy qiyofasi ham tubdan oʻzgargan. Bugun ular armiya va xalq birdamligi yoʻlida astoydil xizmat qilmoqda. Buni ularning yuz-koʻzi, hatti-harakati va gap-soʻzidan ham nomoyon boʻlayotir.

    – Bu yilgi bayram menga qoʻshaloq quvonch olib keldi. Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovida “Eng yaxshi vzvod komandiri” deb topildim, – dedi Mudofaa vazirligi vzvod komandiri, “Jasorat” medali sohibi Muhammadsoli Doʻstqulov. – Bu menga oʻzgacha gʻurur baxsh etib, keyingi xizmatlarimda yana-da shijoatli boʻlish va tinimsiz mehnat qilishimda qanot boʻladi. Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mudofaa tizimida tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bizga, oila aʼzolarimizga koʻplab imtiyozlar joriy qilindi. Bu, oʻz navbatida, professional armiyamizning yana-da rivojlanishiga, yana-da mustahkam boʻlishi uchun muhim omildir.

    Tantanali bayram tadbirida koronavirus pandemiyasi sharoitida jonbozlik koʻrsatgan harbiy shifokor va xizmatchilar, huquq-tartibot organlari, qutqaruv xizmati xodimlarining mashaqqatli va sharafli xizmati yana bir eʼtirof etildi. Harbiy orkestr, taniqli sanʼatkorlar tomonidan Vatanni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlar taqdim etildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

    * * *

    Shuni kuni Mudofaa vazirligida Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq orden va medallar bilan taqdirlangan harbiy xizmatchilarga mukofotlarni tantanali topshirish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

    – Bugun mamlakatimizda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – dedi Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti boshligʻi, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi Farhodjon Ortiqov. –Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida ham bu borada samarali tizim yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi jang sanʼati, ularning noyob isteʼdodini yosh avlodga tanishtirishni maqsad qilganmiz. Bugungi mukofot bizni yana-da fidoyilik bilan xizmat qilishga undaydi.

    Tuqqan yerda tugʻing tik, deydi xalqimiz. Bu gap zamirida egalik, shukronalik va baxtiyorlik hissi mujassam. Zero, ona yurtda yashash sharaf, bunda goʻzal va osoyishta otgan har bir tongni qarshi olish baxt.

    Ulugʻbek ASROROV,

    Bashorat YUNUSOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari