Qator mamlakatlarda bugungi taxlikali, shu bilan birga shiddat bilan rivojlanayotgan davrda tinchlik, farovonlik degan ne'matlarning qadri kun sayin ortib boryapti. Ko'plab davlatlar erisha olmagan yutuqlarga qisqa fursat — 5 yilda erishganimizning o'zi barchamizga g'urur bag'ishlaydi. Inson qadrini ulug'lashga qaratilgan ezgu amallardan biri sifatida Xalq qabulxonalarini aytish mumkinki, ularda odamlarimiz uchun yaratilgan sharoitlarni butun jahon ahli ko'rib, ibrat olsa arzigulik.
Ta'lim deysizmi, sog'liqni saqlashmi, sportmi, qishloq xo'jaligiga nazar solasizmi, bugun barchasida tub o'zgarishlar ko'zga tashlanib turibdi. Chet el investorlarining O'zbekistonga qiziqishi ortayotganida, albatta, yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan odilona siyosat muhim o'rin tutadi.
Ayniqsa, biz, nuroniylarga, yosh bolali oilalarga, nogironlarga nafaqalarning naqd pul shaklida olib kelib berilishidek g'amxo'rlik qaerda bor?
Ekologiyani asrash borasida olib borilayotgan ishlar, bu borada mavjud muammolarning ijobiy hal etilayotgani, umuman olganda, yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralarini birma-bir sanashga imkon yo'q.
Nafaqat, o'zimizning yurtimiz, balki qo'shni davlatlar fuqarolariga ham yordam qo'lini cho'zib kelayotgan davlatimizdan qo'shnilarimiz minnatdor bo'lib, o'zlarining Oliy mukofotlari bilan Prezidentimizni taqdirlashganida, boshqacha bo'lib ketasan kishi. Negaki, bu butun O'zbekistonga, o'zbek xalqiga bo'lgan cheksiz hurmat, e'tirof ifodasidir. Shunday paytlarda qishlog'imizdagi barcha nuroniylarni O'zbekistonimizning o'zi ishlab chiqarayotgan mashinalarida olib yurib, yurtimizdagi bunyodkorliklar, o'zgarishlardan xabardor qilgim keladi.
Ayni paytda tom ma'noda, nurli manzillarga yo'l olgan karvonga boshchilik qilib kelayotgan Prezidentimizga ming rahmat! Bugungi tinch va farovon kunlarning shukronasini qilib yashaylik!
Qurbonboy Saparov,
Xorazm viloyati,
Qo'shko'pir tumani, Shix qishlog'i,
“Yoshlik” MFY