Onlayn va oflayn shakldagi ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash boʻyicha komissiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning mamlakatimizdagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
BMT Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik toʻgʻrisidagi 1325-Rezolyutsiyasi 2000-yil 31-oktyabrda qabul qilingan. Bu hujjatda ilk bor xotin-qizlar va bolalar aholining qurolli mojarolardan eng koʻp jabr koʻradigan qatlami ekani, shuningdek, ular aniq maqsadga yoʻnaltirilgan tajovuz va zoʻravonliklarga tobora koʻproq duchor boʻlayotgani bilan bogʻliq hayotiy haqiqat eʼtirof etilgan.
Rezolyutsiya ayollarni mojarolarga barham berishga qaratilgan tinchlik muzokaralariga imkon qadar faol jalb etishga chaqiradi. Shuningdek, BMT tizimidagi va milliy darajalardagi rahbarlik lavozimlarida ishlaydigan xotin-qizlar sonini izchil koʻpaytirishga undaydi.
Bugungi kunda BMTga aʼzo 193 davlatdan 86 tasi 1325-Rezolyutsiyani implementatsiya qilish boʻyicha oʻzlarining “Harakatlar rejasi”ni ishlab chiqqan.
Oʻzbekistonning 1325-Rezolyutsiya boʻyicha Milliy harakatlar rejasidan quyidagi vazifalar joy olgan:
- ayollarning tinchlik va xavfsizlik jarayonlarida ishtirok
etishini ragʻbatlantirish;
- “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi bilimlarni yanada chuqur oʻrganish va keng targʻib etish hamda manfaatdor tomonlar va qaror qabul qiladigan hamjamiyatlarning ushbu bilimlardan xabardorligini oshirish;
- favqulodda vaziyatlarda xotin-qizlarning alohida talab va ehtiyojlarini himoya qilish hamda hisobga olish tizimini takomillashtirish;
- BMT Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik toʻgʻrisidagi 1325-Rezolyutsiyasini bajarish jarayonlarida fuqarolik jamiyati ishtirok etishiga koʻmaklashish.
Davra suhbati davomida 1325-Rezolyutsiyani implementatsiya qilish va uning ijrosi boʻyicha Milliy harakatlar rejasi monitoringini taʼminlash borasidagi ilgʻor xalqaro tajriba hamda milliy amaliyotlar taqdim etildi. Xususan, Oʻzbekiston bu borada qaysi sohalarga eʼtibor qaratishi, vaziyatni oʻzgartirishi, samarali siyosat olib borishi va zarur natijalarga erishishini aniqlab olishi uchun Milliy harakatlar rejasi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qayd etganidek, ayni yoʻnalishdagi tadqiqotlar ayollar ishtirok etadigan tinchlik muzokaralari aksariyat hollarda natijador boʻlishini va mustahkam barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilishini koʻrsatmoqda.
“Oʻzbekiston xotin-qizlarning barqaror xalqaro tinchlik va xavfsizlikka erishish borasidagi barcha saʼy-harakatlarimizda juda muhim oʻrin tutishlari zarurligini eʼtirof etadi. Biz BMT Xavfsizlik kengashining 2000-yil 31-oktyabrda qabul qilingan Ayollar, tinchlik va xavfsizlik toʻgʻrisidagi 1325-Rezolyutsiyasini qoʻllab-quvvatlaymiz”, – dedi A.Saidov.
Shuni ham aytish joizki, Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik toʻgʻrisidagi 1325-Rezolyutsiyasidan soʻng ayni yoʻnalishda yana 9 ta qoʻshimcha rezolyutsiya qabul qilingan. Ushbu hujjatlarda BMT, unga aʼzo-davlatlar va hamkorlarining mojarolar domida qolgan xotin-qizlar ehtiyojlari va ustuvor talablari hisobga olinishini taʼminlash hamda inklyuziv va barqaror asosda tinchlik oʻrnatish borasidagi majburiyatlari bayon etilgan.
Xavfsizlik kengashi aʼzo-davlatlarni Ayollar, tinchlik va xavfsizlik toʻgʻrisidagi 1325-Rezolyutsiya bajarilishi borasida fuqarolik jamiyati, ayniqsa, mahalliy xotin-qizlar hamjamiyatlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borishga chaqiradi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.