Fargʻonada mushukni tirik holda yoqib yuborgan uch nafar shaxsga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 111-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi.
Quvasoy shahar prokurorining protesti bilan yuqoridagi qaror bekor qilinib, huquqbuzarlarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish) 2-qismi va 189-1-moddasi (tazyiqni, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) bilan rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma mazmunan koʻrib chiqish uchun jinoyat ishlari boʻyicha Quvasoy shahar sudiga yuborilgan.
Bugun ochiq sud majlisida M. A. (1983-yilda tugʻilgan), Az. A. (1995-yilda tugʻilgan) va As. A. (2005-yilda tugʻilgan)ga oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Quvasoy shahar sudining 2023-yil 21-iyundagi qaroriga koʻra M. A. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismi va 189-1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga ushbu kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanish) ga asosan 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi;
Az. A. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, unga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi;
As. A. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, unga 3 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Fargʻona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi maʼlum qilinadi.