Bu haqda stomatologiya klinikalari tarmog'i bosh shifokori, implantolog Artyom Xarlamov aytib o'tdi.

Shifokorning aytishicha, och qoringa saqich chaynash gastrit va oshqozon yarasiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, och qoringa va 10-15 daqiqadan ko'proq vaqt davomida saqich chaynash mazkur kasalliklarning yuzaga kelish xavfini oshiradi. Bundan tashqari, uzoq vaqt saqich chaynash paytida mahsulotda mavjud bo'lgan shakar kariyes rivojlanishiga olib keladi, shuning uchun shakarsiz saqich chaynash kerak.

“Saqich tarkibidagi bo'yoqlar, sun'iy qo'shimchalar va ta'm beruvchi moddalar allergiya keltirib chiqarishi va organizm uchun zaharli bo'lishi mumkin. Shuning uchun saqich homilador ayollar va bolalarga tavsiya etilmaydi”, dedi shifokor.

Mutaxassisning fikricha, yutilgan saqich kauchuk asosi tufayli qiyin hazm bo'ladi. Shuni yodda tutish kerakki, saqich faqat qo'shimcha gigiyena mahsulotidir va kundalik cho'tka, tish pastasi va ip o'rnini bosa olmaydi.

Bundan tashqari, jag' bo'g'imi, milk, tish kasalliklari bilan og'rigan bemorlar umuman saqich chaynamasliklari kerak, dedi shifokor.

Xarlamovning qo'shimcha qilishicha, saqich og'iz bo'shlig'i salomatligi uchun ham foydalidir. U so'lak ajralishini rag'batlantiradi, chaynash paytida massaj qilish orqali milklardagi qon oqimini yaxshilaydi, shuningdek, og'izda yomon hid paydo bo'lishining oldini oladi.

Shifokor saqich ovqat hazm qilish shirasining sekretsiyasini rag'batlantirishini, bu oziq-ovqatning yaxshi hazm bo'lishiga yordam berishini va asab tizimini bo'shashtirib, stress holatini yengillashtirishini ta'kidladi, deb xabar beradi mir24.tv.