Tizim masʼullari soʻrov qattiq boʻlishi haqida ogohlantirildi

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, sanoat, eksport va tushum boʻyicha “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikal tizimidagi masalalar oʻz vaqtida va toʻliq hal qilinganida sanoatda yana 2 foizlik oʻsishga erishish mumkin edi.

    Masalan, oʻtgan 4 oyda Payariqda sanoat qariyb 2 baravarga, Paxtachida 38 foizga pasaygani oqibatida ishlab chiqarish 210 milliard soʻmga kamaydi.

    Poytaxt sanoatining uchdan birini beradigan Sergeli va Yashnobodda 300 milliard soʻmlik mahsulot kam ishlab chiqarilgani bois Toshkent shahri sanoatida 1,1 foiz oʻsish boy berildi.

    Oʻrtachirchiq, Qibray, Parkent, Ohangaron tumanlari, Angren, Bekobod shaharlaridagi 25 ta hududiy korxona oʻtgan yilgidan 1 trillion soʻmga kam mahsulot chiqargani bois, 30 million dollar eksport yoʻqotildi.

    Yoki yanvar mart oylarida sanoatda oʻsish qilgan Qarshi, Mirishkor, Bulungʻur, Dangʻara, Oʻzbekiston, Xiva tumanlari aprelga kelib koʻrsatkichlarini keskin tushirib yuborgan.

    Shu munosabat bilan uch kun muddatda “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikali boʻyicha har bir masalani tezkor hal qilish uchun respublikadan aniq masʼullarni belgilash va joylarga yuborish topshirildi.

    Vertikal boʻyicha qaysi boʻgʻinda muammo yechilmasa, oʻsha tizim masʼullaridan soʻrov qattiq boʻlishi haqida ogohlantirildi.