Joriy yil birinchi yarmida neft va gaz sanoati quvurlarini ishlab chiqarish boʻyicha “TMK” kompaniyasi bosh direktori Igor Korыtko va “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning uchrashuvi natijasida ushbu kompaniya tomonidan dunyo bozoridan farqli oʻlaroq, arzon narxlarda har xil tipdagi neft va gaz sanoati quvurlarini yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.

Moskvaga tashrif doirasidagi uchrashuvda tomonlar “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining izlov-qidiruv va ekspluatatsion quduqlari uchun zarur boʻlgan quvur mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha tuzilgan amaldagi shartnomalar ijrosining joriy holati, shuningdek, hamkorlikni jadallashtirish va yangi yoʻnalishlarni izlash imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchrashuvda rahbarlar ikki kompaniya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini energiya resurslari bilan taʼminlash boʻyicha belgilangan maqsadlarga erishish imkonini yaratishda strategik ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, yangi neft va gaz quduqlarini burgʻilash ishlari import asosida olib kelinadigan quvur mahsulotlariga uzviy bogʻliq. Bu borada “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan import quvur mahsulotlari taʼminoti boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

2021-yilda burgʻilash ishlarini uzluksiz olib borish va shu bilan birga 2022-yil uchun zaxira hajmini yaratish maqsadida “TMK” AJ tomonidan umumiy miqdorda 40 000 tonnadan ortiq quvur mahsulotlari yetkazib berilgan boʻlib, yana 18 000 tonna quvur mahsulotlari joriy yil soʻngiga qadar yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Bu oʻz navbatida 2022-yilda rejalashtirilgan burgʻilash ishlari uchun quvur mahsulotlarining yetarli zaxirasi yaratish imkonini beradi.