Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib borayotgan majlisda markaziy va hududiy studiyalardan jami 76 nafar Senat a’zosi ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, markaziy va Vazirlar Mahkamasidagi studiyadan hukumat a’zolari, ayrim idoralar rahbarlari, hududiy studiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitalari, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda bugun muhokama qilinadigan masalalar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari rahbarlari ham qatnashmoqda.

Dastlab Senat Raisi T.Narbayeva o‘zbek va qoraqalpoq elining zabardast farzandi, taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, senator Musa Tajetdinovich Yerniyazovni xotirladi.

- U kishining vafoti, ayniqsa, Senat uchun katta yo‘qotish bo‘ldi, - dedi parlament yuqori palatasi Raisi T.Narbayeva. - Boisi, Musa Tajetdinovich mamlakatimizda ikki palatali parlament tashkil etilgandan beri Senat Raisining o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Shu bilan birga, u kishining sa’y-harakatlari bilan o‘tgan davr mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlari, ovullari qiyofasi yangilandi. Ayniqsa, taraqqiyotimizning yangi davrida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslarni Qoraqalpog‘istonda bekami-ko‘st amalga oshirish borasida ham kuch-g‘ayratini ayamadi. Birgina Mo‘ynoqdagi bunyodkorlik ishlarining o‘ziyoq fikrimizga dalil bo‘la oladi. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, mintaqa aholisining turmush sharoitini yaxshilash borasida ham kuyinchaklik bilan ishladi.

Shaxsan men qator jamoatchilik tuzilmalaridagi hamda Hukumat tarkibidagi ko‘p yillik faoliyatim davrida, qolaversa, Senatdagi faoliyatim davomida Musa Tajetdinovichning salohiyatli va ulkan tajribaga ega rahbar, mulohazali, vazmin, jonkuyar, g‘amxo‘r inson sifatidagi fazilatlariga ko‘p bora guvoh bo‘lganman.

O‘ylaymanki, Siz, hurmatli senatorlar va majlisimiz ishtirokchilari ham, qolaversa, Musa og‘a bilan ishlagan va yaqin maslakdosh bo‘lgan barcha insonlar u kishining ana shu fazilatlarini yaxshi eslaydi. 

M.Erniyazovning oila a’zolari va yaqinlariga, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari va qoraqalpog‘istonlik senatorlarga, qolaversa, butun o‘zbek,  qoraqalpoq eliga yana bir bor chuqur hamdardlik bildiramiz.

Musa Tajetdinovich Yerniyazovning yorqin xotirasi  Senat tarixida mangu qoladi!

Shuningdek, yalpi majlisning rasmiy qismiga o‘tishdan oldin Musa Tajetdinovich Yerniyazovning va shu kasallikdan vafot etgan boshqa yurtdoshlarimiz xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlandi.