Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Yoshlar ovozi” (avvalgi “Turkiston”) gazetasining 100-yillik yubileyi oldidan “Vaqtdan oʻzgan odamlar” xotira-maqolalardan iborat kitob taqdimoti oʻtkazildi.

Taniqli jurnalist, ijodkor Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Toʻlqin Hayit muallifligidagi kitobda nashrning mustaqillik arafasi va dastlabki yillaridagi faoliyati keng yoritilgan.

Taqdimotda “Yoshlar ovozi” (avvalgi “Turkiston”) gazetasida uzoq yillar mehnat qilgan, koʻplab shogirdlar yetishtirgan Jabbor Razzoqov, Muqaddas Adusamatova, Xurshid Doʻstmuhamedov, Ahror Ahmedov, Islom Hamroyev kabi ustoz jurnalistlar, OAV vakillari, kitobxonlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Kitob “Har davrning oʻz qahramonlari bor”, “Gazetaning oltin tarixi”, “Har biringizni sevaman”, “Jamoaning ustozlari va doʻstlari”, “Ularni unutib boʻlmaydi” kabi boblarga ajratilgan boʻlib, unga taniqli ustoz jurnalistlarning maqolalari kiritilgan.

Taqdimotda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, “Adolat” gazetasi bosh muharriri, shoir va publitsist Islom Hamro, Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov va boshqalar “Vaqtdan oʻzgan odamlar” kitobi milliy jurnalistikamiz uchun juda muhim maʼrifiy manba boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

Samimiy ruhda oʻtgan maʼrifiy tadbirda “Turkiston” (“Yoshlar ovozi”) gazetasining zahmatkash ijodkorlari bosib oʻtgan mashaqqatli ijod yoʻli, ustozlar ibrati, gʻayratli yoshlar shijoati yodga olindi. Milliy jurnalistikamizga oid ezgu anʼanalarning bardavomligini taʼminlash yuzasidan fikrlar bildirildi.

N. MAHMUDOV