Togʻ echkisini ovlashda qonunbuzilish holati kuzatilmagan

    Ijtimoiy tarmoqlarda yirik Sibir togʻ echkisini ovlab, uning videosini instagramiga joylagan ovchi haqida xabarlar tarqalib, turli talqinlarga sabab boʻldi.

    Holat Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Boʻstonliq tumani boʻlimi inspektorlari tomonidan oʻrganilgan.

    Qayd etilishicha, ovchi I.R. tomonidan Burchmulla davlat oʻrmon xoʻjaligiga tegishli N000014-sonli togʻ echkisi (taka) uchun berilgan ruxsatnoma bilan 2023-yil 14-dekabr kuni 100 kg atrofida boʻlgan togʻ echkisini oʻziga tegishli boʻlgan ov quroli bilan ovlaganligi aniqlangan.

    Ovlagan togʻ echkisini ukasi, ovchi I.D. bilan birgalikda olib ketayotgan jarayonini ijtimoiy tarmoqqa joylagan.

    “Mazkur holat boʻyicha davlat inspektorlari tomonidan batafsil oʻrganilib chiqilganda ov jarayonida barcha qonun va qoidalarga rioya qilinganligi hamda qonunbuzilish holati kuzatilmaganligi aniqlandi”, deyiladi xabarda.