Qashqadaryo viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan joriy yilning 24-25-avgust kunlari Hisor davlat qoʻriqxonasi Tanhoz boʻlimi hududlarida ekologik qonun buzilish holatlarini oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbiri oʻtkazilgan.
Boshqarma axborot xizmati xabariga koʻra, mahalliy nomi “Qoranqul” boʻlgan massivning yuqori qismida Shahrisabz tumani Suvtushar qishlogʻida yashovchi fuqarolar A.B, B. N, D.Jlar yovvoyi hayvonot dunyosi obyekti hisoblangan 1 (bir) bosh togʻ echkisini noqonuniy ovlab, tanalarini boʻlaklarga boʻlayotgan paytda qoʻlga olingan. Bu haqda «Ogoh.uz” rasmiy kanali xabar bermoqda.
Xabarga koʻra, mazkur qonun buzilish holati boʻyicha surishtiruv olib borilganda, fuqaro A.B oʻziga tegishli boʻlgan ovchilik guvohnomasi va qurol olib yurish va saqlash ruxsatnomasini taqdim qilgan.
Fuqaro D.J esa oʻziga tegishli ekanligini bildirgan ov quroliga hujjatlarni taqdim eta olmagan.
Ushbu fuqarolardan ov qurollari, hujjatlar va bir bosh noqonuniy ovlangan, tanalari boʻlaklarga boʻlingan togʻ echkisi goʻshtlari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.
Noqonuniy ov qilish holati boʻyicha olib qoʻyilgan 2 (ikki) dona ov quroli belgilangan tartib asosida Shahrisabz tumani IIBga qonuniy toʻxtamga kelgunga qadar saqlab turish uchun topshirilgan.
Holat yuzasidan fuqarolar A.B, D.J va B.Tga bu harakatlari amaldagi qonunchilik talablariga zid ekanligi tushuntirilgan. Noqonuniy ovlangan yovvoyi hayvonot dunyosi obyekti hisoblangan bir bosh togʻ echki zarari sohaga aloqador tegishli hujjatlar asosida hisoblanganda, 11 million 25 ming soʻmni tashkil etadi.
Maʼlumotlarga koʻra, Hisor davlat qoʻriqxonasida aniqlangan mazkur holatlarni sodir etgan shaxslarning javobgarlik masalalari koʻrib chiqilishi va tabiatga yetkazilgan zararlarni qonuniy tartibda undirish maqsadida toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish uchun rasmiylashtirilmoqda.