Tadbirda Oʻzbekistonda togʻ-kon metallurgiya sohasida faoliyat yuritayotgan “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy mashinasozlik zavodi”, “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ kabi yirik metallurgik kombinatlar, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi sohaviy ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlarning olimlari oʻz innovatsion gʻoya va ishlanmalari, innovatsion mahsulotlar bilan ishtirok etdi.

Tadbirning birinchi kunida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova hozirgi kunda geologiya, togʻ-kon, metallurgiya sanoati mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining shakllanishida 10% tashkil etayotganini taʼkidlab oʻtdi. Ushbu tarmoqlarni yanada rivojlantirish uchun qazilma boyliklarni qidirish, maʼdanlarni qazib olish, qayta ishlash, tayyor mahsulot darajasiga keltirishdagi texnologik jarayonlariga yangi zamonaviy innovatsion va samarador boʻlgan texnologiyalarni joriy etish zarur.

Tadbir doirasida tashkil etilgan koʻrgazmada metallurgiya korxonalari tomonidan yangi oʻzlashtirilgan innovatsion mahsulotlar hamda ilmiy-tadqiqot institutlarning olimlari tomonidan ishlab chiqilgan togʻ-kon va metallurgiya sohasida qoʻllanilishi moʻljallangan ilmiy ishlanmalar namoyish etildi.

Shu bilan birga koʻrgazma doirasida tarmoq vakillari ilmiy-tadqiqot institutlari bilan dastlabki shartnoma va kelishuv hujjatlari yuzasidan muzokaralar olib bordilar. Innovatsion texnologiyalarni, mahalliy xom ashyolardan foydalangan holda eksport oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni, yaʼni metallurgiya sohasida qoʻllanilayotgan reagentlar, uskunalarni olimlar bilan birgalikda ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021-2022-yillarda togʻ-kon va metallurgiya yoʻnalishida umumiy qiymati 31,4 milliard soʻm boʻlgan 21 ta amaliy va innovatsion loyihalar moliyalashtirilgan. Haftalik davomida davlat buyurtmasi asosida moliyalashtirilayotgan ilmiy loyihalarning ijrochilari tomonidan uch kun mobaynida taqdimotlar oʻtkaziladi.