Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hujjatlarida to'g'ri ovqatlanish odam salomatligini 70 foizgacha kafolatlashi alohida qayd qilingan. SHuning uchun ham dunyoning rivojlangan davlatlarida iloji boricha ushbu tamoyilga e'tibor qaratilib, tegishli chora-tadbirlar ko'rilmoqda. Ayniqsa, pandemiya davrida insoniyat o'z turmush tarzidagi kamchilik va zararli odatlardan katta zarar ko'rdi. Koronavirus hujumiga, birinchi navbatda, to'g'ri ovqatlanish qoidalariga rioya etmagani tufayli turli xastaliklar bilan yashab kelganlar yo'liqqani ayni haqiqat.

SHundan xulosa chiqargan mamlakatlar to'g'ri ovqatlanish, umuman, faol sog'lom turmush tarzini kun tartibiga birinchi masala sifatida ko'taryapti. Mamlakatimizda ham bu borada qator farmon va qarorlar qabul qilinib, joylarda ularning ijrosi nazorat qilinmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining o'tgan yil 30 oktyabrdagi “Sog'lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug'ullanish hamda sog'lom turmush tarzi bo'yicha hayotiy ko'nikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo bo'lishini ta'minlash, zararli odatlardan voz kechish, to'g'ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Xususan, tarkibida tuz, qand va yog' miqdori ko'p bo'lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini iste'mol qilishni qisqartirish, zararli odatlardan, jumladan, alkogol` va tamaki mahsulotlarini iste'molidan voz kechish yo'li bilan kasallikka chalinish, ortiqcha vazn holatlari (semizlik) va bevaqt vafot etishni kamaytirish sog'lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishning asosiy yo'nalishlaridan biri etib belgilandi.

To'g'ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish bo'yicha barcha sa'y-harakatlar samarasi, davlat tomonidan bajariladigan tashkiliy va amaliy ishlardan tashqari, aholining ushbu masalada umumiy savodxonligi, qolaversa, ovqatlanish madaniyati darajasiga bog'liq. Hozir aholi salomatligini yaxshilash va muhofaza qilish, turli-tuman zamonaviy kasalliklardan himoyalanishda me'yoriy vaznga ega bo'lish va semirmaslik alohida ahamiyat kasb etadi. SHu sifatga ega odamlar ko'pincha sog'lom va uzoq yashaydi, serunum mehnat qiladi.

Inson yashash uchun eydi

Ovqatlanish inson uchun uch sababga ko'ra muhim: birinchidan, organizmni yurish, jismoniy faoliyat, aqliy mehnat va boshqa yumushlar uchun kerakli quvvat bilan ta'minlash uchun; ikkinchidan, tanada hujayra va to'qimalar hosil bo'lishi va yangilanishi, o'sishi, ulg'ayishi uchun; uchinchidan, turli noqulay turmush sharoiti, kasallik va boshqalarga bardoshlilik xususiyatini shakllantirish uchun.

Muxtasar aytganda, ovqatlanish yashash va hayot kechirishning asosiy shartlaridan biridir. Iste'mol qilinadigan taom tarkibidagi asosiy oziq moddalar — oqsil, yog', uglevod mazkur maqsadlar uchun quvvat to'plashga yordam beradi. Hujayra va to'qimalar rivoji uchun foydali material vazifasini o'taydi. Biz eydigan taomlar tarkibida har xil vitamin, mineral va biologik faol modda — fermentlar ham bo'ladi. Ular qo'shimcha oziq moddalar deyilib, energetik qiymatga ega emas. Biroq moddalar va energiya almashinuvi, ichki va tashqi muhit bilan bog'lanib turish, asab va endokrin tizim faoliyati, kasalliklarga qarshi kurashish kabi hayotiy jarayonlar uchun juda zarur.

Tug'ilganidan umrining oxirigacha insonning mazkur oziq moddalarga ehtiyoji uning yoshi, barcha sa'y-harakati, ob-havo sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyati va boshqa omillarga qarab o'zgarib turadi. Bunday o'zgarishlarni sezishda organizmning boshqaruv, ya'ni nerv va endokrin tizimi hal qiluvchi rol` o'ynaydi. Masalan, uzoq davom etadigan suvsizlik yoki ochlik payti suv va oziq moddalar sarflanishini sharoitga qarab kamaytiradigan tegishli asab impul`slari, gormonlar yuzaga keladi. Natijada suv kam sarflanadi, tanadan suyuqlik kam ajraladi. Mavjud quvvat zaxirasi tejab ishlatiladi.

Ushbu boshqaruv tizimi insonning evolyutsion rivojlanishi davomida turli sharoitlarga moslashishi zaruratidan yuzaga keladi, aks holda, uning hayoti to'xtab qoladi. Ushbu tizimning faoliyati bois, organizmda oziq moddalarni qabul qilish (ishtaha ochilishi va ovqatlanish taraddudiga tushish, ya'ni ochlik tuyg'usi) yoki uni to'xtatish hissi yuzaga keladi. Bunday his-tuyg'ular markaziy asab tizimining gipotalamus qismidagi nerv yadrolari qo'zg'alishi yoki tormozlanishi tufayli paydo bo'ladi. Masalan, qonda glyukoza miqdori kamaysa, ochlik bilan bog'liq markazlar qo'zg'alib, ovqat topib eyish, taom ko'payib ketganda esa to'qlik bilan bog'liq impul`slar yuzaga kelib, ovqatlanishni to'xtatish hissiyoti yuzaga keladi.

Kamharakatlilik — sog'liq kushandasi

Aytish joizki, gipotalamusning boshqaruvi eng oliy markaz, ya'ni miya yarimsharining po'stloq qismidagi maxsus asab yadrolari faoliyatiga to'liq bo'ysungan holatda bo'ladi. Masalan, ishtaha bilan ovqatlanilayotganida taomdan badbo'y hid taralsa yoki kimdir asabga kuchli salbiy ta'sir ko'rsatadigan gap aytsa, qonda glyukoza ko'p yoki kamligidan qat'i nazar, ishtaha yo'qolib, taomlanish darhol to'xtatiladi. YOki aksincha, tushlikni eb bo'lishingiz bilan biror tanishingiz bir tovoq yog'li, yoqimli hidi taralib turgan somsa olib keladi va sizga manzirat qiladi. Oldin egan taomingiz sizni oziq moddalar bilan ta'minlashga etarli bo'lsa-da, tanishingizni xafa qilmaslik bahonasida 3-4 ta somsani paqqos  tushirib olasiz.  Aslida bunday mazali taomni eyishni o'zingiz ham xohlagan bo'lasiz.

Natijada iste'mol qilingan taom quvvati, miqdori, tarkibi bilan keragidan oshib tushadi. SHu yo'l bilan tanaga kirgan oziq moddalar miqdori ko'payib, takrorlanib tursa, ortiqcha vazn paydo bo'lishiga olib keladi. Bunday paytlari oshiqcha ovqat eyilgani evaziga kechki tamaddini iloji boricha engil qilish yoki ko'proq jismoniy harakat qilish, masalan, piyoda yurish bilan qo'shimcha oziq moddalarni yog'ga aylantirmay, sarflab yuborish kerak.

ehtiyojdan ortiqcha oziq moddalarni iste'mol qilish holati keyingi yillarda tez-tez uchrab turibdi. Buning asosiy sabablaridan biri jismoniy harakat, jismoniy faollik kamayib borishida. CHunki har qadamda transport vositalaridan foydalanilyapti. Mashina va mexanizmlar ko'payib, turmush tarzimizdan qo'l mehnatini tobora ko'proq siqib chiqarmoqda. Fan tilida bu gipodinamiya deyiladi.

Suvni ham chaynash kerak

Ko'pchilik doim bir xil miqdorda ovqatlansa ham vazni oshib borayotganidan shikoyat qiladi. Bunday kishilar gipodinamiya tufayli eyilgan ovqatga nisbatan kam quvvat sarflanishini hisobga olmaydi. Ushbu holat dunyo bo'yicha, ayniqsa, tinch, rivojlangan davlatlarda keng tarqalib, ateroskleroz, qon bosimi ko'tarilishi, qonda salbiy xolesterin miqdori ko'payishi, qandli diabet kabi inson umrini qisqartiruvchi, og'ir surunkali kasalliklarga sabab bo'lmoqda.

Ularni bartaraf qilishning asosiy usuli shuki, kam kaloriyali, lekin vitamin va mineral moddalarga boy meva-cheva, poliz mahsulotlari, ko'kat, salatlarni muntazam iste'mol qilish lozim. Lekin ko'pchilik yog'li, go'shtli taomlarni iste'mol qilishni xush ko'radi. SHu bois, kam ovqatlanishga harakat qilsa-da, aytilgan ovqatlar bilan ancha-muncha ortiqcha kaloriya yig'ib qo'yganini sezmay qoladi. Sezsa ham qanday qilib uning oldini olishga doir fiziologik mexanizmlarni to'liq tasavvur qila olmaydi.

Gap shundaki, markaziy nerv tizimidagi to'qlik va ochlik markazlarining qo'zg'alishi uchun qondagi glyukoza miqdoridan tashqari og'iz bo'shlig'ida joylashgan nerv uchlari yoki retseptorlardan eyilgan ovqatning ta'mi, hidi va boshqa ko'rsatkichlariga uyg'unlashgan impul`slar yuzaga keladi. Ular ovqatning kam yoki ko'p eyilishiga, hazmiga bevosita aloqador.

Taomni shoshmasdan, mayda chaynab iste'mol qilish muhimligi haqidagi fikrlar qadimdan ma'lum. Tibbiyot asoschisi Gippokrat yangi eradan 350 yil oldin “Suvni chaynab ich, ovqatni suv qilib yut”, degan. Buning mohiyati shundaki, qultumlab ichilsa, kam suvga ham qoniqish hissi paydo bo'ladi. Keragidan ortiq suv talab qilinmaydi. Ovqat ham obdon chaynab eyilsa, to'yish hissi tezroq paydo bo'ladi, ko'p eb qo'yishning oldi olinadi.

Taomlanishda shoshmaslik, har xil salbiy voqealarni eslamaslik, shovqin qilmaslik, kishilarning ko'ngliga tegadigan gaplardan voz kechish va, eng muhimi, Abu Ali ibn Sino bobomiz aytganidek, “juda to'yib va to'lib taomlanmaslik”, balki hali bir necha luqma eyish ishtiyoqi bo'laturib, ovqatlanishni to'xtatish lozim.

Ovqatlanish davomida har bir luqmaning og'izda saqlanishi odatda  16-18 soniya bo'lishi kerak (suyuq ovqatlar uchun ancha qisqa vaqt kutiladi, albatta). Bu vaqt fiziologik nuqtai nazardan mo''tadil hisoblanadi. SHu muddatda yutiladigan luqmaning mazasi, hidi, harorati, tarkibi va boshqalar haqidagi ma'lumotlar og'iz bo'shlig'idagi nerv uchlarida (retseptorlar) yuzaga kelgan impul`slar sifatida bosh miyaning po'stloq ostki va po'stloq yadrolariga etib boradi.

Agar dasturxonga qo'yilgan taom tez, apil-tapil eyilsa, og'izdagi ovqat haqidagi ma'lumotlar bosh miyaga to'liq etib bormaydi. To'yish hissi kechikib shakllanadi. Tabiiyki, bu vaqt davomida ancha-muncha ko'p ovqat eb qo'yiladi. Hozir bunday shoshib taomlanish holati tez-tez uchraydi. CHunki har bir ishda shoshilamiz, hamma narsaga ulgurishga harakat qilamiz. Ayniqsa, yoshlar yo'l-yo'lakay taom eydi va uyda ham mana shunday apil-tapil ovqatlanishga o'rganib qoladi. Ko'pincha ular taomlanayotgan vaqtda televizor yoki telefondan ko'z uzmaydi. Odamlarda tez-tez chaynab yoki chala chaynab taomlanish an'anasi shakllanmoqda. Buning oqibatida me'yoridan ko'p ovqat eb qo'yish va oshiqcha vazn yig'ish hollari kuzatiladi. Oqibatda oshqozon-ichak kasalliklari ham ko'payib bormoqda.

Xulosa qilganda, keragidan ortiqcha ovqat eyish tufayli turli-tuman zamonaviy kasalliklarga chalinish aholi orasida ovqatlanish madaniyatini keng ko'lamli shakllantirish uchun chora-tadbirlar zaruratidan darak beradi. Bu borada mamlakatimizda ta'lim-tarbiya bo'yicha islohotlar rejasiga maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, oliy va o'rta maxsus ta'lim maskanlarida tegishli o'quv soatlarini kiritish, aholi orasida keng ko'lamli targ'ibot ishlarini olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Zero, bunday sa'y-harakatlar davlatimiz rahbarining o'tgan yili  31 yanvarda akademik va olimlar bilan muloqoti, keyinchalik — 26 fevralda aholiga tibbiy xizmat ko'rsatishni yanada yaxshilashga bag'ishlangan uchrashuvda to'g'ri ovqatlanish, jismoniy faollik (piyoda yurish), ovqatlanish madaniyatiga kishilarni o'rgatib borish zarurligi haqidagi fikrlariga javob bo'ladi.