Oshqozonosti bezi har uch soatda turli gormon va fermentlar ishlab chiqaradi. Gormonlar qonga singadi, fermentlar esa ichaklardagi ozuqalarni hazm qilishga sarflanadi.

Besh mahal ovqatlanilmasa, oshqozonosti ishlab chiqargan fermentlar oʻz vazifasini toʻliq bajara olmaydi va natijada boshqa organlar faoliyatining buzilishiga olib keladi. Shu bois koʻp mamlakatlarda besh mahal taomlanish odat tusiga kirgan.

Koʻpchilik “zoʻrgʻa uch mahal ovqatlanishga vaqt topamiz” yoki “uch mahal taom yeb, shuncha vazn toʻplaganman, besh mahal ovqatlansam nima boʻladi”, deb aytadi. Ammo vaqtida toʻgʻri taomlanish insonlardan koʻp vaqt talab qilmaydi, bunday holatda ortiqcha vazn toʻplanishi esa umuman asossiz fikr.

Chunki besh mahal ovqatlanish, besh mahal osh yeyish kerak, degani emas. Shunchaki, ogʻir hazm boʻluvchi taomlar, yogʻli va qovurilgan mahsulotlarni tanovul qilishdan tiyilish talab etiladi, xolos.

Nonushtadan uch soat oʻtgandan soʻng esa olma yoki boshqa biror hoʻl mevani yeyish mumkin.

Maʼlum boʻlishicha, inson bitta sigareta chekish uchun 5-6 daqiqa vaqt sarflaydi. Bitta olma yeyishga esa atigi 2 daqiqa talab etiladi.

Yana 3 soatdan soʻng tushlik vaqti boʻladi. Bunda uch soat oldin yengil taomlanilgani uchun odam och qolmaydi va keragidan ortiqcha ovqatlanib, oshqozonini qiynab qoʻymaydi. Tushlikda xohishiga koʻra, birinchi, ikkinchi qilib taomlanishi mumkin, ammo koʻp yogʻli ovqat yemaslik talab etiladi.

Tushlikdan uch soat oʻtgach, bir stakan qatiq yoki bir dona shirinlik yeyish mumkin. Shunda kechki taomda ham meʼyorida ovqatlanishimiz taʼminlanadi.

Xalqimiz taomlanayotgan vaqtda choy ichishni ham odatga aylantirgan. Bu inson organizmi faoliyatini buzadi.

Ovqat bilan birga choy emas, turli sharbatlar yoki qaynatilgan suv isteʼmol qilish kerak. Choyni esa taom yegandan 2 soat oʻtgach, ichish tavsiya etiladi.

Aslida biz hozir ham ovqat tanovuli uchun shuncha vaqt sarflaymiz hamda oʻsha miqdordagi mahsulotlarni isteʼmol qilamiz. Faqatgina ovqatlanish tartibiga rioya qilmaymiz.

Toʻgʻri taomlanish degani foydali mahsulotlarni oʻz vaqti va oʻrnida isteʼmol qilish demakdir.

Bu borada Sh. Ergashev bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.