Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi MCHJga aylantirildi

    Investitsiyalar 8 Sentabr 2022 1418

    “Oʻzbekiston Respublikasining Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–215-son, 07.09.2022-y.) qabul qilindi.

    Farmonga muvofiq “Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasining boshqaruv kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati ustav kapitali 100 million AQSH dollariga teng “Oʻzbekiston Respublikasining Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi” MCHJ shaklidagi investitsiya kompaniyasi sifatida qayta tashkil qilindi.

    Investitsiya kompaniyasining ustav kapitali 1 milliard AQSH dollariga yetkaziladi.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Investitsiya kompaniyasining Kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi.

    Investitsiya kompaniyasi investitsiyalarni quyidagi usullar bilan jalb qiladi:

    kredit (qarz) olish va Investitsiya kompaniyasining ustav kapitaliga investorlarning pul mablagʻlarini jalb qilish;

    yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitalida), shu jumladan mol-mulk sotib olish yoʻli bilan ishtirok etish;

    yirik institutsional va strategik investorlar bilan hamkorlik oʻrnatish, shu jumladan nufuzli xalqaro moliya markazlarining yurisdiksiyalaridan foydalanish.