Tomonlar aeronavigatsiya xizmatlari sohasida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash har ikki tomon uchun ham birdek manfaatli ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Uchrashuvda korxonalarning imkoniyatlari, kelgusidagi hamkorlik va uni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi. Soʻngra “Oʻzaeronavigatsiya” markazi DUK va “Tojikaeronavigatsiya” DUK oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.
“Bizning birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasida barqaror va xavfsiz havo qatnovini taʼminlashning asosiy omili boʻlgan aeronavigatsiya sifati va xavfsizligini oshirishga qaratilgan. Ishonchimiz komilki, tajriba va texnologiyalar almashinuvi bu borada yangi marralarni zabt etish imkonini beradi”, — dedi “Tojikaeronavigatsiya” DUK bosh direktori Loik Begidjonzoda.
“Mazkur memorandum aviatsiya va aeronavigatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga, mintaqada aeronavigatsiya xizmatlarini yanada mustahkamlash, tajriba almashish va ikki davlat havo hududi orqali parvozlar xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir”, — dedi “Oʻzaeronavigatsiya” DUK direktori Doniyor Jumayev.