Guruh tarkibida O‘zbekiston xalq artistlari Xayrulla Sa’diev, Tesha Mominov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Jahongir Ahmedov kabi taniqli kino arboblart bor...

O‘zbekistonlik hay’at a’zolarini «Tojikfilm» davlat muassasasi direktori Mahmasaid Shohiyon boshchiligidagi tojik kinoijodkorlari kutib olishdi. Uchrashuvda har ikki mamlakat kinematografiyasining tarixi bir-biriga chambarchas bog‘liqligi ta'kidlandi.

Tashrifning birinchi kuni delegatsiya a’zolari dastlab Tojikiston Ommaviy axborot vositalari akademiyasida bo‘lib, matbuot anjumanida ishtirok etishdi. O‘Zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov hamda Tojikiston OAV akademiyasi rahbari Sa’diy Mahdiy Ismatzoda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik, xususan milliy medi-makon va kinematogrifiyani rivojlantirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Jumladan, F.Abduxoliqov Yangi O‘zbekistonda jurnalistika va kinematografiya sohalarida yuz berayotgan o‘zgarishlar, nodavlat telekanallar faoliyati, so‘nggi yillarda o‘zbek kinosida ko‘zga tashlanayotgan yangilanishlar, bu borada kutilayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritdi.  Har ikki mamlakatning kino va media sohasi vakillari malakasini oshirish, bu borada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida so‘z yuritdli.

Shundan so‘ng o‘zbekistonlik kinoijodkorlar Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomidagi milliy kutubxonaga tashrif buyurishdi. Mazkur kutubxonada uch yarim million nusxadan ortiq turli tillardagi kitoblar, gazeta va jurnallar saqlanmoqda... Kutubxona rahbari Jumaxon Fayzalizoda mehmonlarga ushbu ziyo maskanning tarixi, undagi nodir qo‘lyozmalar xususida so‘zlab berdi.

Kutubxonaning nodir manbalar bo‘limida Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Mirzo Bedil, Abdurrahmon Jomiy singari ulug‘ allomalarning qo‘lyozmalari o‘rin olgan. Ular orasida Alisher Navoiyning 1801-yilda Buxoro amirligida ko‘chiriligan «Xamsa» qo‘lyozmasi mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekistonlik mehmonlar shu kuni Dushanbe shahridagi Alisher Navoiy bog‘iga tashrif buyurdi. Tadbirda hazrat Navoiyning she’rlaridan namunalar o‘qildi. Mazkur bog‘ 2018-yilda ochilgan, uning ochilishida ikki davlat rahbari Shavkat Mirziyoev va Emomali Rahmon ishtirok etishgan. Bog‘ to‘rida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallari qad rostlagan. Mehmonlar ulug‘ mutafakkarlar poyiga gulchambarlar qo‘yib, hurmat bajo keltirishdi.

Kechki payt Dushanbe shahridagi «Vatan» kinoteatrida «Tojikistonda o‘zbek kinosi kunlari»ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.