Qutqaruvchilar yana to'rt kishining jasadini topishga muvaffaq bo'lishdi, deyiladi respublika hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar qo'mitasi xabarida.
Gap uchta ayol va bir erkak haqida ketmoqda. Qutqaruvchilar jasadlarning shaxsini aniqlash maqsadida ularni tegishli idoralarga topshirdi.
Halok bo'lganlarning jasadlari Vahdat shahridan topilgan. Bundan tashqari, Xatlon viloyatida olib borilgan qutqaruv ishlari davomida sel oqibatida 100 bosh chorva nobud bo'lgani aniqlandi. Respublikaning tabiiy ofatdan jabr ko'rgan barcha hududda uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.
O'tgan yakshanba kuni Tojikistonda kuchli yomg'ir yog'di. Kuchli yog'ingarchilik suv toshqini, sel va ko'chkiga olib keldi. Avvalroq tabiiy ofat oqibatida 13 kishi halok bo'lgani ma'lum qilingan edi, deb xabar beradi mir24.tv.