Yangi oʻquv yili barcha taʼlim dargohlarida “Tinchlik darsi” bilan boshlandi.

Bu haqda “Xovar” axborot agentligi xabar beradi. Yangi oʻquv yili munosabati bilan Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon oʻquvchilar, talabalar, ustozlar va oʻqituvchilarni yangi oʻquv yili bilan tabriklab, murojaat yoʻlladi.

Yangi oʻquv yili bilan tabriklar ekan, prezident taʼlim sifatiga ham eʼtibor kuchaytirish lozimligini taʼkidladi.

“Taʼlim sifatini taʼminlash xalqaro taʼlim sohasi maydoniga kirish yoʻllaridan biridir”, - dedi Emomali Rahmon.

Maʼlumotga qaraganda, hozirgi vaqtda Tojikistonda 9ta prezident maktabi, 75ta gimnaziya va 71ta litsey faoliyat yuritmoqda. Ularda taʼlim olayotgan oʻquvchilar soni 97 mingdan oshgan. Umumtaʼlim kasb-hunar muassasalari soni 75ga yetgan, ularda 90 mingga yaqin oʻquvchi tahsil olyapti. Oliy taʼlim muassasalari soni 40ta, ularda 227 ming talaba taʼlim olmoqda. Shuningdek, 35 mingga yaqin tojikistonlik talabalar xorijdagi taʼlim muassasalarida tahsil olishmoqda.