Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi azaliy doʻstlik aloqalari keyingi yillarda yanada rivoj topib, madaniy, maʼnaviy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi oʻzaro hamkorlik munosabatlari mustahkamlanyapti. Oʻzaro bordi-keldi, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirishga xizmat qilyapti. Joriy yil 4-5-fevral kunlari tojikistonlik bir guruh jurnalistlarning Surxondaryo viloyatiga tashrifi buning isbotidir. Ular viloyatdagi yodgorlik majmualari, tarixiy obidalar va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Jumladan, tojikistonlik jurnalistlar media-tur davomida viloyatdagi tarixiy qadamjolarni ziyorat qildi. Shuningdek, Termiz tumanidagi “Termiz cargo centre”, “Termiz” EIZ va “Termiz xalqaro savdo markazi”, Sherobod tumanidagi “Sherobod tekstil invest” va “Sherobod agro impeks” MCHJ, Denov tumanidagi tojik tilida oʻqitiladigan 50-umumtaʼlim maktabi hamda “Regter” korxonasidagi ish jarayonlari bilan tanishdi.

Mazkur tadbirning muhim ahamiyati shundaki, ikki qardosh davlat jurnalist — ijodkorlarining oʻzaro hamkorligi yangi bosqichga chiqishi barobarida Tojikiston mass-mediasi orqali Oʻzbekiston, shu jumladan Surxondaryo haqida turkum materiallar beriladi.

Azimbek Samadov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.