Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Afsuski, hozirda yanada avj olayotgan koronavirus Sabina Tashkenbayevani ham chetlab o‘tmadi va gimnastikachimiz "Tokio–2020" Olimpiadasida ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi. Tashkenbayeva kvalifikatsion jahon kubogi bosqichlari orqali mazkur Olimpiadaga yo‘llanma olgan edi.

Qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi Xalqaro gimnastika federatsiyasi(FIG)ga bu haqda ma’lum qildi. FIG bunday vaziyatda litsenzion o‘rinda Tashkenbayevadan keyingi o‘rinda turgan gimnastikachiga "Tokio–2020" litsenziyasi berilishini ta’kidladi. Ushbu pog‘onadagi koreyalik sportchi ayni paytda yaxshi sport formasida emasligi uchun Olimpiadada ishtirok etolmasligi oydinlashdi.

Litsenzion reytingda undan keyingi pog‘onada boshqa bir vakilimiz Yekaterina Fetisova qayd etilgan. Fetisova yuqori sport formasida turgani uchun Tashkenbayevaning o‘rnini egallaydigan bo‘ldi. Shunday qilib, ertaga bo‘lib o‘tadigan yakkalik bellashuvlarining saralash dasturida Yekaterina Fetisova yurtimiz sharafini himoya qiladi.

– Tokioda Olimpiya o‘yinlari davom etmoqda. Bu musobaqalarda O‘zbekiston gimnastika terma jamoasi safida men ham ishtirok etishim kerak edi. Ammo koronavirus meni ham chetlab o‘tmadi va ketish oldidan topshirgan test tahlilim ijobiy chiqdi. Shu sababli Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmayman. Meni o‘rnimga Olimpiadada Yekaterina Fetisova ishtirok etadi, unga bo‘lajak musobaqada omad tilayman. Murabbiyim bilan Olimpiadada ishtirok etish uchun borimizni bergan edik va qiyinchilik bilan yo‘llanma olgandim. Afsuski, unda qatnasha olmaydigan bo‘ldim. Hozir men uchun juda ham qiyin davr. Milliy olimpiya qo‘mitasi, federatsiya mutasaddilari, murabbiylarim va meni qo‘llab turgan barchaga minnatdorlik bildirib qolaman, – dedi Sabina Tashkenbayeva.