“Tolibon” 120 ming litrga yaqin neftni sifati past boʻlgani uchun Oʻzbekistonga qaytargani rostmi?

    Bojxona qoʻmitasi “Afgʻoniston Oʻzbekistonga neft mahsulotlarini qaytarib yubordi” mazmunidagi xabar yuzasidan munosabat bildiradi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Afgʻoniston sifati past boʻlgani uchun 120 tonna neft mahsulotlarini Oʻzbekistonga qaytarib yuborganiga doir xabarlar tarqalmoqda. Ammo, bunda voqelik biroz notoʻgʻri talqin qilinmoqda.

    Gap shundaki, qaytarib yuborilgan neft mahsulotlari Oʻzbekistonga tegishli tovar emas. Aksincha, 2 ta sisternaga ortilgan 120 tonna benzin Afgʻonistonga Rossiyadan yuborilgan va mamlakatimiz hududidan tranzit tarzida harakatlangan, xolos.

    Afgʻoniston tomoni ushbu yoqilgʻini qaytarib yuborgani sababli sisternalar 2024-yil 6-aprel kuni “Ayritom” chegara bojxona posti orqali Oʻzbekistonga kirib kelgan.

    Shu oʻrinda ommaviy axborot vositalaridan ikkala mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni inobatga olib, bu kabi axborotlarni tarqatishdan oldin sinchiklab oʻrganishlarini soʻraymiz.

    Bojxona qoʻmitasi Matbuot xizmati bojxona organlari faoliyatiga doir axborotlarning xolisligi va haqqoniyligini taʼminlashda keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan oʻzaro hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qilamiz.