Bu yoʻnalishda Oʻzbekiston oʻzbek-afgʻon chegarasini ochgan holda, ushbu mamlakatga birlamchi zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa gumanitar yordamlar yetkazib bermoqda. Bu esa, dunyo hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Afgʻonistondagi hozirgi vaziyatni yumshatish, jahon hamjamiyati eʻtiborini ushbu mamlakatdagi inqirozga qaratish hamda mamlakatni qayta tiklashga qaratilgan ishlarni jadallashtirish muhimdir. Afgʻonistonda barqarorlik, xavfsizlik, urushdan keyingi tiklanishga koʻmaklashish, koʻp millatli afgʻon xalqi va butun dunyo manfaatlari yoʻlida ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga integratsiyalashuvini amalga oshirishga doir masalalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu jihatlarni inobatga olgan holda, “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilishi ahamiyatlidir:
Birinchidan, Oʻzbekiston tomonidan ushbu konferensiyaning tashkil etilishi Afgʻonistonning hozirgi muvaqqat hukumati, yaʻni “Tolibon”ning mintaqa davlatlari va dunyo mamlakatlari bilan aloqalarini shakillantirish hamda ular bilan ochiq konstruktiv muloqotni yoʻlga qoʻyish uchun muloqot maydonini yaratib berish, nafaqat Oʻzbekistonga balki mintaqa hamda dunyo hamjamiyatiga ham diplomatik munosabatlarni oʻrnatishga zamin yaratadi.
Ikkinchidan, hozirgi vaqtda Afgʻonistondagi vaziyatning ogʻirligi bois donor davlatlarning yordami juda ham muhimdir. Ushbu muloqot donor davlatlar va xorijiy mamlakatlarning Afgʻoniston boʻyicha gumanitar diplomatiyasini amalga oshirishga yana bir bor turtki boʻladi.
Uchinchidan, Oʻzbekiston Afgʻonistondagi yangi vaziyatga preventiv diplomatiya usullari hamda xalqaro miqyosda siyosiy-diplomatik mexanizmlari bilan toʻgʻri va samarali hamda tizimli aloqalarni muntazam ravishda olib bormoqda. Jumladan, BMT, Yevropa Ittifqi, AQSH, Pokiston, Eron, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning vakillari hamda Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari bilan oʻzaro muloqotlar tashkil etgan holda mazkur konferensiyani tashkillashtirmoqda. Ushbu davlatlar vakillari Oʻzbekistonning Afgʻoniston boʻyicha tashabbuslari va saʻy-harakatlarini yuqori baholamoqda. Shu bilan birga, mazkur konferetsiyaning tashkil etilishi nafaqat Oʻzbekistonga, balki boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning ham manfaatlariga mos kelishini bildiradi.
Xulosa qilib aytganda, Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyaning ahamiyati mintaqa davlatlari va dunyo davlatlarining Afgʻonistonga eʻtiborini qaratish, yaʻni “Tolibon” bilan aloqalarni oʻrnatishga chorlovdir. Shuningdek, Oʻzbekistonning Afgʻoniston boʻyicha tashabbuslarini jahon hamjamiyatiga yetkazish, ushbu mamlakatning mintaqa va boshqa davlatlarga xavf sifatida emas, balki Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida koʻpirik vazifasini oʻtashga xizmat qilishini bildirib oʻtishdan iborat.
Iskandar Oʻroqboyev,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bosh mutaxassisi