Toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim krediti ajratishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi

    Ta'lim 30 Iyul 2021 1084

    “Oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5203-son, 30.07.2021-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan respublikadagi barcha oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shaklida hamda magistratura bosqichida toʻlov-kontrakt asosida tahsil olish uchun taʼlim krediti ajratishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Bunda:

    - tijorat banklari taʼlim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi;

    - taʼlim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;

    - taʼlim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;

    “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlaridan taʼlim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

    Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi tashkil etildi.

    Jamgʻarmaga 2021-yilda kamida 1 trillion soʻm, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablagʻlar ajratiladi.