Qarorga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan respublikadagi barcha oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shaklida hamda magistratura bosqichida toʻlov-kontrakt asosida tahsil olish uchun taʼlim krediti ajratishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda:

- tijorat banklari taʼlim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi;

- taʼlim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;

- taʼlim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlaridan taʼlim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi tashkil etildi.

Jamgʻarmaga 2021-yilda kamida 1 trillion soʻm, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablagʻlar ajratiladi.