Navoiy viloyatining Tomdi tumani shahar markazidan 300 km uzoqlikda joylashgan. Bu maskan iqlimi, yashash sharoiti jihatdan noqulay bo‘lgani bois, tomdiliklar uchun 50 foizlik tuman koefitsenti to‘lanadi.

Ayni paytda Tomdida jami 6 ta maktabgacha ta'lim muassasasi va 2 ta filial faoliyat yuritadi. Lekin mazkur muassasa xodimlari maoshiga 4 oy mobaynida tuman koefitsenti qo‘shilmagan. Shuning uchun MTT xodimlari o‘zlariga tegishli bo‘lgan mablag‘ni undirishda amaliy yordam so‘rab Tomdi tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan.

–   Jami 82 nafar ishchi-xodimlarga tuman koeffitsenti to‘lab berilmagan. Avvaliga biz pandemiya bo‘lgani uchun qo‘shimcha pullarimiz to‘lanmadi deb o‘ylagandik, ammo qonunchilikda bunday tartib yo‘q ekan, – deydi MTT xodimi J.Mirzaxmetova.

Murojaatga ko‘ra, tekshiruvlar jarayonida xodimlarga jami 87 384 947,77 so‘m mablag‘lar to‘lab berilmagani ma'lum bo‘ldi.

Shunga ko‘ra, adliya bo‘limi tomonidan Tomdi tuman Maktabgacha ta'lim bo‘limiga taqdimnoma kiritilib, natijada Maktabdagacha ta'lim tashkilotlarining 82 nafar ishchi-xodimlariga belgilangan summadagi mablag‘larning undirib berilishi ta'minlandi.

Orif Nosirov,

Tomdi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i