Unda sohaga oid ko'plab imkoniyat va imtiyozlar xususida so'z bordi. Jumladan, yil yakunigacha yana qo'shimcha 20 ming gektar ekin maydoni aholiga bo'lib berilishi, kelgusi yilda yana qo'shimcha 100 ming gektar ekin maydoni ham aholiga tarqatilishi, kamida mingta mahallada kichik hajmli muzlatgichlar o'rnatish, 3 ming gektarda parnik usulida ertaki mahsulotlar etishtirish dasturini boshlash masalalari ilgari surildi.

Buning uchun joriy yilda 50 million dollar, kelgusi yilda yana 100 million dollar yo'naltirilishi belgilab olindi.

Xususan, o'zim faoliyat olib borayotgan Bekobod tumani “Mallaboy” MFY tumanimizning chekka hududlaridan biri sanaladi.

Dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan mahallamizda 535 ta xonadon 3 ming 92 ta aholi istiqomat qiladi.

Hudud aholisi ilgari bozorma-bozor sarson bo'lib yurgan bo'lsa, endilikda yetishtirilgan mahsulotlar mahallamizning ichki ehtiyojlarini ta'minlabgina qolmay, xorijga ham eksport qilinmoqda.

Tahlillarga ko'ra, bundan 5 yil avval mahallamizda 16 ta oilada issiqxona bo'lgan bo'lsa, so'nggi ikki yilda 300 ga yaqin aholi o'z tomorqasida issiqxona tashkil etdi.

Bugungi kunda 535 ta xonadonning 502 tasida meva-sabzavot yetishtirishga moslashgan issiqxonalar mavjud.

Ochiq joydagi 10 sotix tomorqadan bir yil davomida olinadigan 3 martalik hosil hisobiga 75-80 mln. so'm daromad olishga erishilmoqda.

Yetishtiriladigan mahsulot hajmi yiliga har oilaga 9,7 tonnani tashkil etmoqda. Mahsulotlar asosan Rossiya va Tojikiston Respublikasiga mahallamizning o'zidan eksport qilinmoqda.

Tumanda “Mallaboy” tajribasini yaratish maqsadida imtiyozli kredit asosida 4 sotixli issiqxonalar tashkil etilib, dehqonchilikda tajribasi bo'lgan 50 ga oilalarga bo'lib berildi.

Shuningdek, Prezidentimizning “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo'jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida mahallamizdagi 89 ta oilaga unumdor yerlardan ajratib berdik.

Unda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida bog'dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish agentligi tuman bo'limi bilan hamkorlikda eng yaxshi navdagi baqlajon ko'chatlari olib kelindi va tomorqa yer egalariga tarqatildi.

Bu ishning afzallik tomonlari shundaki, mazkur agentlikning o'zi ko'chat olib kelib beradi va mahsulot tayyor bo'lgandan keyin bozor narxidan kam bo'lmagan qiymatda sotib oladi.

Bir so'z bilan aytganda, yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli odamlar tomorqadan yaxshi daromad olishni boshladi, yerga bo'lgan mehri o'zgardi.

Javlon Musayev,
Bekobod tumanidagi “Mallaboy” mahallasi hokim yordamchisi