Mazkur xujjat bilan kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam(ijtimoiy nafaqa) tayinlash va toʻlash tartibiga oʻzgartirish kiritilishining sabablari kuyidagilardan iborat.

Kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun oilaning voyaga yetgan barcha mehnatga layoqatli aʼzosini rasmiy ish bilan band boʻlishi talab etiladi. Agar oilaning mehnatga layoqatli aʼzosidan biri rasmiy ish bilan band boʻlmasa nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi.

Bunda, amaldagi tartib boʻyicha oilaning tomorqa yer maydoni mavjud boʻlganda har 4 sotix yerga bir oila aʼzosi avtomatik ravishda band deb belgilanadi hamda rasmiy daromad talab etilmaydi.

Hozirda 326 ming tadan ortiq oilalarga aynan oila aʼzolari avtomatik ravishda band deb belgilanganligi sababli nafaqalar tayinlangan.

Lekin shuni alohida taʼkidlash lozimki, ushbu oilalarning aʼzolari ishga joylashish, faoliyatlarini yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilish orqali rasmiylashtirish choralarini koʻrishmagan.

Natijada, amaliyotda oʻziga toʻq katta xovliga ega boʻlgan yoki tomorqasidan umuman foydalanmagan oilalarga ham nafaqa tayinlanishi hamda aholi oʻrtasida tizimga nisbatan ishonch kamayishiga sabab boʻlmoqda.

Misol uchun, 3 farzandlik oilaning 8 sotix yer maydoni mavjud va er-xotin norasmiy daromad oladi. Bunda, er va xotindan bandlik talab etilmaydi va 8 sotix yer uchun 274,4 ming soʻm normativ daromad hisoblanadi. Normativ daromad oiladagi bir kishi (54,8 ming soʻm) uchun eng kam isteʼmol xarajatidan kam boʻlganligi sababli nafaqa tayinlanadi.

Kiritilayotgan oʻzgartirishlarga koʻra, oilaning tomorqa yer va/yoki dehqon xoʻjaligi maydonida faqat oilaning bir ishsiz aʼzosini avtomatik ravishda “band” sifatida qabul qilinib, keyingi aʼzolarini faoliyatini rasmiylashtirishi talab etilmoqda.

Amaldagi tartibga muvofiq, tomorqada band boʻlgan fuqarolar ihtiyoriy ravishda soliq organida oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish tartibi mavjud. Bunda, oʻzini-oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtgan fuqaroga bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari (330 ming soʻm) ijtimoiy soliq toʻlagan taqdirda nafaqa tayinlashda “band” sifatida qabul qilinadi hamda pensiya hisoblashda 1 yillik ish stajiga ega boʻladi.

Mazkur qaror bilan, bir tomondan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash tartibini yanada takomillashtirish va manzilli ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytrishi kuchaytirish uchun zamin yaratadi. Ikkinchi tomondan esa, axoli tomonidan soliq organida oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishga ragʻbatlantirishga koʻmak beradi.