Delegatsiya tarkibidan Tomsk viloyati ma’muriyati vakillari, oliy o‘quv yurtlari, yirik korxona va sanoat tashkilotlari, qishloq xo‘jaligi xoldinglari rahbarlari o‘rin oldi.
Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida delegatsiya a’zolari «Peng Sheng» sanoat majmuasi faoliyati bilan tanishdi.
Tomsk viloyati gubernatori iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ta'kidladi.
Shuningdek, ikki viloyat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash va sanoat kooperatsiyasini oshirish maqsadida «Sirdaryo» sanoat zonasi va «Tomsk» maxsus iqtisodiy zonasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida qiziqish bildirildi.
Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha Tomsk va Sirdaryo viloyatlari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Rossiya delegatsiyasi Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida, hudud rahbariyati bilan qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, sanoat, qurilish, energetika va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalardagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Muzokaralar yakunida anglashuv memorandumi imzolandi.
Tashrif davomida «O‘zbekneftgaz» AJ va «O‘zkimyosanoat» AKda ham muzokaralar o‘tkazildi. Unda muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha keng ko‘lamli o‘zaro aloqalar muhokama etildi va hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tomsk shahridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillarining mamlakatimizdagi qator oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Tomsk davlat boshqaruv tizimlari va radioelektronika universiteti rahbariyati O‘zbekiston tomoni bilan talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini amalga oshirishning qo‘shma mexanizmlarini kengaytirish masalasini muhokama qildi.
Rossiya vakillari elektronika, raketa-kosmik sanoat, IT va axborot xavfsizligi sohalarida muhandis kadrlar tayyorlaydigan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasiga ham katta qiziqish bildirdilar.
Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangier shahridagi filiali bilan talabalarning akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari va 2025-yil uchun istiqbolli rejalar muhokama etildi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida talabalar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma ilmiy loyihalar ustida ishlash zarurligiga e'tibor qaratildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.