– Daryoning Alisher Navoiy nomli mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi qismidan ilgariroq Mirzo Ulugʻbek zarb ettirgan tangalar topilgani xabar qilingan edi, – deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi masʼul xodimi Bekzod Oʻraqov. – Ot haykalchasi ham ana shu yerdan topib olingan boʻlib, u kelgusida hudud tarixini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan ot haykalchasi mutaxassislar tomonidan chuqur oʻrganilib, dastlabki xulosa berildi.

Qadimshunoslar fikricha, 91,57 gramm oʻlchamga ega bronza ot haykalchasi Toʻpalang daryosi ichida Mirzo Ulugʻbek nomidan XV asrga oid tangalar bilan bir joydan topilgani uchun shu asr bilan davriylashtirildi. Kelgusida bu yerda olib boriladigan tadqiqot ishlari mazkur topilma sanasini yanada oydinlashtiradi.