Prezidentimizning 2021-yil 2-iyunda Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror taʼminlash maqsadida “Toʻpalang” suv omboridan 361 kilometrlik magistral quvur yotqizib, Termiz shahrigacha suv yetkazib berish tashabbusi ilgari surilgan edi.
2021-2026-yillarga moʻljallangan ushbu megaloyiha doirasida Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Oltinsoy va Bandixon tumanlariga ichimlik suvi yetkazib berish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, Toʻpalang asosiy magistral tarmogʻidan 200 metr qoʻshimcha tarmoq tortish va uni “Xoʻjaipok” magistraliga ulash orqali Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor va Muzrabot tumanlari aholisining ham ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi.
Bugundan Termiz shahrigacha suv tarmoqlarini tortish ishlari toʻliq yakunlanib, “Shimoliy darvoza” va “Manguzar” guruhli suv ishlab chiqarish inshootlariga suv quyish boshlandi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov va “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Axmad Suvonqulov “Shimoliy darvoza” guruhli suv inshootida “Toʻpalang” daryosidan tortib kelingan ichimlik suvini Termiz shahar aholisiga yetkazib berish jarayoniga start berdi.
Shuningdek, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, loyihaning qolgan bosqichlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda inshootlar qurilishi boʻyicha taqdimotlar koʻrib chiqildi.
Masʼullarga loyihaning keyingi bosqichlarini sifatli amalga oshirish, kelgusi yil yakuniga qadar toʻliq yakunlash va aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash qamrovini kengaytirish vazifalari belgilab berildi.