Toʻqimachilik sanoati mamlakatimizning tovar va xizmatlar eksportida yetakchi oʻrinni egallaydi, aniqrogʻi tovar va xizmatlar umumiy eksportining qariyb 17,5 foizi uning hissasiga toʻgʻri keladi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlarining fikriga koʻra, soʻnggi yillarda eksportni sifat jihatidan diversifikatsiya qilish boʻyicha muayyan natijalarga erishilgan. Birinchidan, mahalliy resurslarni ichki qayta ishlash (paxta tolasining 80-90 foizini qayta ishlash) hisobidan xomashyo (paxta tolasi) eksportining qisqarishi va sanoat tovarlari (ip-kalava, mato, kiyim) eksportining ortishi taʼminlandi.
Ikkinchidan, xorijga qariyb 500 turdagi toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilishga erishildi.
Uchinchidan, jahon bozorining yangi segmentlariga chiqish hisobiga Oʻzbekiston jahonning 65 dan ortiq mamlakatiga mahalliy toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazib berishni yoʻlga qoʻydi. Rossiya, Xitoy, Turkiya va Qirgʻiziston – bizning asosiy savdo hamkorlarimiz hisoblanadi. Mamlakat toʻqimachilik mahsulotlarining taxminan 80 foizi ushbu mamlakatlarga eksport qilinadi.
Institut tomonidan qilingan hisob-kitoblar Andijon, Namangan, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahri toʻqimachilik mahsulotlarining asosiy eksportchilari ekanligini koʻrsatdi. (2021-yilda tovar eksportining umumiy hajmida mintaqaning ulushi 11–17,5 foiz, jami 66,6 foiz). Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm viloyatlarida kalava ip va mato eksporti muhim yoʻnalish hisoblanadi.
Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Fargʻona, Toshkent viloyatlari kalava ip va matolarni qayta ishlashni chuqurlashtirish va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish hisobiga toʻqimachilik sanoatining eksport salohiyatini oshirish zaxiralariga ega. Biroq institut ekspertlarining fikriga koʻra, toʻqimachilik mahsulotlari eksportini kengaytirish uchun quyidagi masalalarga eʼtiborni kuchaytirish lozim:
1. Yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarilgunga qadar ip va matolarni sanoat usulida davomli qayta ishlashni taʼminlash.
2. Eksportning istiqbolli yoʻnalishi sifatida innovatsion toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishni oʻzlashtirish.
3. Hududning milliy rang-barangligi, mahalliy anʼanalar, zamonaviy dizayn va modani hisobga olgan holda tayyor toʻqimachilik mahsulotlarining xalqaro mintaqaviy forumlarini oʻtkazish.