Uchrashuvda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari D. Vaxobov va Fransiya toʻqimachilik sanoat ittifoqi Vitse-prezidenti N.Blan, Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixona vakillari hamda bir qator soha vakillari ishtirok etdi.

Unda ikki davlat vakillari tomonidan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Fransiya toʻqimachilik sohasida hamkorligining keng qamrovli kun tartibi, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida toʻqimachilik sohasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va Fransiya toʻqimachilik sanoat ittifoqi oʻrtasida toʻqimachilik sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi anglashuv memorandum imzolashga kelishib olindi.

Fransiya moda instituti hamda toʻqimachilik mashinalari ishlab chiqaruvchilar ittifoqi bilan yangi investitsiyaviy loyihalarni oʻrganish

va kelishish boʻyicha ishlarni jadallashtirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

Tomonlar “GSP+” tizimida savdo toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish jarayonidagi ijobiy oʻzgarishlarni mamnuniyat bilan olqishlab, ushbu tizim orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga sezilarli turtki berishini taʼkidladilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar fevral oyida Fransiya shahrida boʻlib oʻtadigan “Apparel Sourcing Paris” xalqaro koʻrgazmasi doirasida “B2B” shaklida uchrashuvlarni tashkillashtirishda hamda OAV va riteyllar ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazishda amaliy yordam berishda shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha yangi konstruktiv takliflarni ishlab chiqish yuzasidan faol hamkorlikka kelishib oldilar, deb xabar beradi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati.