Respublikada mavjud xomashyo bazasidan samarali foydalangan holda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarida chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularning eksportini yanada rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish maqsadida:
1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin va uning daromadlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda undiriladigan yig‘imlarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdori;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
2. 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvargacha shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirgan korxonalarga, mazkur loyihalar doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining 10 foizi, biroq 500 ming AQSH dollari ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda Jamg‘arma hisobidan subsidiya ajratiladi. Bunda:
mazkur loyihalar doirasida yangi uskunalar xarid qilingan bo‘lishi;
uskuna qiymatiga yetkazib berish hamda boshqa qo‘shimcha xizmatlar xarajatlari kiritilmasligi;
loyihani foydalanishga topshirish dalolatnomasi mavjud bo‘lishi lozim.
b) bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini hamda tarkibida sun’iy tola 80 foizdan yuqori bo‘lgan ip-kalava ishlab chiqarish uskunalarini xarid qiluvchi korxonalarga boshlang‘ich 15 foiz to‘lovni to‘lash uchun xorijiy valyutada 7 yil muddatgacha 3 yillik imtiyozli davr bilan mazkur farmonning 4-bandi 4-xatboshi bo‘yicha belgilanadigan depozit stavkasiga bankning 1 foizlik marjasini hisobga olgan holda “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ tomonidan kredit ajratiladi;
v) bo‘yalgan mato, bo‘yalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarga xorijiy valyutada 1 yil muddatgacha 9 oygacha imtiyozli davr bilan mazkur farmonning 4-bandi 4-xatboshi bo‘yicha belgilanadigan depozit stavkasiga bankning 1 foizlik marjasini hisobga olgan holda 3 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ tomonidan eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit ajratiladi;
g) bo‘yalgan mato, bo‘yalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini, shu jumladan, komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlarning kamida 80 foizini eksport qilgan korxonalarga:
ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lash;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda uch yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lovini kechiktirish huquqi beriladi. Bunda, soliqni kechiktirish muddati tugaganidan so‘ng soliq qarzi va hisoblangan foizlar kechiktirish muddatiga teng muddat mobaynida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga mazkur bandning “g” kichik bandi ikkinchi xatboshisidan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.
3. Belgilansinki, 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvargacha quyidagi manbalardan kelib tushadigan mablag‘lar Jamg‘armaga yo‘naltiriladi:
a) paxta ip-kalavasi eksporti uchun undiriladigan yig‘imning 25 foizi va trikotaj mato eksporti uchun undiriladigan yig‘imning 100 foizi. Bunda ushbu mablag‘lar bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining bir qismini subsidiyalash uchun ajratiladi;
b) paxta ip-kalavasi eksporti uchun undiriladigan yig‘imning 70 foizi. Bunda ushbu mablag‘lar tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini (TIF TN kodi 61 – 63) eksport qiluvchi korxonalarga subsidiyalash uchun ajratiladi. Ushbu subsidiyalar har oyda keyingi oyning 20 sanasiga qadar hisobot oyida tushgan mablag‘lar hisobidan eksportchi korxonalarga ularning tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari eksport hajmining qiymatiga nisbatan teng ulushda ajratiladi.
4. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Agentlikning talabnomasiga asosan Jamg‘armaga 25 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining bir qismini subsidiyalashga beg‘araz ajratsin.
Moliya vazirligi, zarur bo‘lganda, ushbu maqsadlar uchun 2022 yilda respublika byudjetidan Jamg‘armaga qo‘shimcha ravishda 250 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratsin.
Moliya vazirligi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJning talabnomasiga asosan 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorigacha mablag‘larni suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan mazkur farmonning 2-bandi “b” va “v” kichik bandlarida ko‘rsatilgan maqsadlar uchun, mos ravishda, 7 yil va 1 yil muddatlarga depozit hisob-varag‘iga joylashtirib borsin.
Bunda depozit stavkalari “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ tomonidan talabnoma taqdim etilgan kundagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarining ikkilamchi bozordagi kotirovkalari stavkasi miqdoridan kam bo‘lmaydi.
5. Eksport qiluvchilarning eksportoldi moliyalashtirish uchun tijorat banklaridan olgan kreditlari bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya va kafillik berish muddatlari 2024 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilsin hamda ushbu tartib barcha eksportchi korxonalarga tatbiq etilsin.
6. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining bir qismini subsidiyalash tartibini;
To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
paxta tolasini birja savdolarida sotish tartibini tasdiqlasin.
7. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar paxta tolasini majburiy avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi ishlab chiqilishini va ishga tushirilishini ta’minlasin.
8. Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi har yarim yilda Jamg‘arma hisobidan subsidiyalarning maqsadli ajratilishini hamda ajratilgan subsidiya miqdorlarining eksport hajmlariga muvofiqligini o‘rganib, natijalari yuzasidan axborotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
11. Mazkur farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari S.U.Umurzakov belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 21 yanvar