Maʼlumot uchun: 2017 – 2022-yillar davomida tarmoqda qiymati 2,9 milliard dollarlik 340 ta loyiha ishga tushirilib, paxta tolasini toʻliq qayta ishlash quvvatlari yaratildi va natijada ishlab chiqarish hajmlari 5 barobarga oʻsib, 64 trillion soʻmga yetkazildi, eksport koʻrsatkichlari 4 barobarga oshib 2,9 milliard dollarga yetkazildi, eksport geografiyasi 66 ta davlatni tashkil etdi, hamda tarmoqdagi jami ish oʻrinlari 124 mingtadan 378 mingtaga oʻsdi.

Yuzdan ortiq korxona vakillari ishtirok etgan yigʻilishda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj tarmogʻining yanada rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolar hamda tadbirkorlar oʻz faoliyatida duch keladigan masalalar batafsil muhokama etildi.

Xususan, xom ashyo yetkazib berish, eksport hajmini oshirish, ishlab chiqarishga xalqaro standartlarni joriy etish bilan bogʻliq muammolar oʻrtaga tashlandi, hamda ularni bartaraf etish boʻyicha konstruktiv takliflar ishlab chiqildi.

Masʼul rahbarlarga tadbirkorlarning muammolarini hal etishda har tomonlama koʻmaklashish va sohadagi vaziyatni tizimli ravishda yaxshilashga qaratilgan markazlashgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.