Tadbirda senatorlar, deputatlar, tegishli agentlik, qoʻmita va uyushma rahbar-mutaxassislari, xalqaro ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi. Davra suhbatida soʻzga chiqqanlar taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda davlat boshqaruviga ochiqlikni joriy etish, axborotlarning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, maʼlumotlarning oshkoralik va sifat darajasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Soʻnggi yillarda sohaga oid konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar amalga oshirilyapti.
Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi va “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlar barcha toifadagi mansabdorlarning har bir xatti-harakatiga keng jamoatchilik hamda xalq koʻzi bilan baho berish imkonini yaratdi. Bundan tashqari, hukumat ochiqligi sohasida 2021 - 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida ochiq maʼlumotlar sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilingan.
Sohadagi soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning uzviy va mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan amaldagi qonunchilik hujjatlarida mavhum boʻlgan muammoli masalalar toʻliq oʻz yechimini topdi.
— Shu kungacha ham davlat hokimiyati boshqaruv organlarining ochiqligi toʻgʻrisidagi normativ hujjatlar mavjud boʻlgan, — dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov. — Ammo ulardagi normalarni hayotga tatbiq etishga masʼul yoki uni bajarish talablarini buzgan mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasi ochiq qolavergan. Bu esa qonunchilik hujjatining hayotga toʻliq joriy etilishiga toʻsiq boʻlgan. Shunga muvofiq, mazkur yoʻnalishdagi qonunchilik hujjatlarining ijrosi ustidan nazorat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qoʻshimcha vazifa sifatida yuklatilib, Agentlik tarkibida davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash boshqarmasi tashkil etildi.
Taʼkidlanishicha, joriy yilning oktyabr oyi holatiga oʻtkazilgan monitoring natijalari boʻyicha 230 ta vazirlik va idoralarning 121 tasi xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirmagani aniqlandi. Respublikadagi 119 ta davlat organi va tashkiloti oʻz tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa koʻchmas mulklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Ochiq maʼlumotlar portaliga oʻz vaqtida joylashtirilishini taʼminlamagan boʻlsa, 48 tasi Portalda shaxsiy kabinet ham ochmagan.
Ochiq joylashtirilishi kerak boʻlgan maʼlumotlar koʻlamini kengaytirish borasida Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Sloveniya, Singapur va Qozogʻiston kabi oʻnga yaqin rivojlangan xorijiy mamlakatlarning bu boradagi ijobiy ish tajribasi oʻrganilib, amaliyotga tatbiq etish choralari koʻrilyapti.
Bahor Xidirova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.