– Xabaringiz bor, biz Guliston shahrida Oʻzbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabini tashkil etdik. Bu dargohda bugun Halima opaning oʻnlab izdoshlari taʼlim olmoqda, zamonaviy bilimlarni egallamoqda.

Oʻz vaqtida Halima Xudoyberdiyeva qatori koʻplab isteʼdodli ijodkorlarga ustozlik qilgan Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon Sirdaryoning fidoyi farzandi, haqiqiy kuychisi edi.

Nafaqat Sirdaryoda, balki butun mamlakatimizda bu ajoyib insonning nomini eshitmagan odam, uning dilbar sheʼrlari va qoʻshiqlari kirib bormagan xonadon yoʻq, desak, ayni haqiqat boʻladi.

Bu ulkan ijodkorning adabiy merosini chuqur oʻrganish, yosh avlodimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning maʼnaviy olamini yuksaltirish uchun Mirzaobod tumanidagi Toʻra Sulaymon yashab ijod qilgan xonadonda shoirning uy-muzeyini tashkil qilsak, el-yurtimiz, adabiy jamoatchiligimiz bu taklifni qoʻllab-quvvatlashiga ishonaman,– dedi Shavkat Mirziyoyev.

OʻzA