Husanboy Gʻafurov uzumchilar sulolasining beshinchi avlodi. Bu xonadonda qish chillasida ham yangi uzilgandek bandi koʻm-koʻk holda saqlanayotgan uzumlarni koʻrib bahri dilingiz ochiladi. Bir piyola choyga taklif etilgan mehmon oldiga toʻrt faslda ham uzum qoʻyiladi. Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga koʻra, oltiariqlik bogʻbon Husanboy Gʻafurov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Ana shu mashhur uzumchilar xonadoniga keldik. Dekabrning yomgʻirli havosi etni junjiktiradi. Fayzli xonadon tomorqasida marjondek osilib turgan uzumlarni sovuqdan asrash maqsadida ustiga plyonka tortilib, qogʻoz bilan oʻrab qoʻyilgan. Boshingizga tegay-tegay deb turgan sarxil mevalar koʻzingizni oladi, osmon uzumlar bilan qoplangandek goʻyo.

— Uzumni keyingi yil hosili pishguncha saqlaymiz, — deydi Husanboy aka. — Saqlashning uch usuli bor. Birinchisi — uzumni tokdan uzmay, sovuq ob-havodan himoya qilish. Ikkinchisi — maxsus qutilarga joylab, ­anʼanaviy usulda, uy sharoitida saqlash. Hozir uzum eng ommalashgan usulda, yaʼni ­plastik idishlarda saqlanadi. Keyingi yillarda bu usul ancha ­ommalashdi. Bunda pishgan uzum kaltagi bilan kesib olinib, plastik idishdagi suvga solib qoʻyiladi. Natijada uzum uzoq vaqt mazasi va koʻrinishini yoʻqotmaydi. Lekin hamma uzumni ham shu tarzda saqlab boʻlmaydi. Shu bois, “Kelinbarmoq”, “Husayni”, “Mersedes” navli uzumlarni nol darajadan past boʻlmagan sharoitda saqlash har jihatdan foydali. Yerga mehr bergan odam aslo kam boʻlmaydi. Tomorqadan kelgan daromad hisobiga besh farzandimni uyli-joyli qildim.

Xonadonda uzum saqlashga moslashgan maxsus omborxona qurilgan. Har bir xonada 500 kilogrammdan 2,5 tonnagacha uzum saqlash imkoniyati bor. Bogʻbonning aytishicha, tomorqada xorijdan keltirilgan “Avatar”, “Aliveka” singari mahalliy iqlimga mos, serhosil, eksportbop, urugʻsiz uzum navlari yetishtirilyapti.

Xonadonning har bir aʼzosi uzum yetishtirish va saqlashda oʻziga xos tajribaga ega. Aytishlaricha, buning asosiy siri mahsulotni qaysi vaqtda bir oz isitib, qachon shamollatib turishni bilishda. Buning uchun kishi uzum bilan tillasha olishi kerak.

— Kamtarona mehnatim davlatimizning yuksak ordeni bilan taqdirlanganidan boshim osmonga yetdi, — deydi Husanboy aka. — Qoʻlimga ketmon olib, tomorqachilik bilan shugʻullanib kelayotganimga 50 yildan oshdi. Sarxil uzum yetishtirishda tabiiy, organik moddalardan foydalanishga harakat qilamiz. Bu usul yer unumdorligini oshiradi, hosil sifatini yaxshilash, uzoq muddat saqlash imkonini beradi. Bobomeros ishlarni bugun farzand va nabiralarim davom ettirmoqda.

— Mahallamizdagi 575 ta xonadonning aksariyatida uzum yetishtiriladi, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Kamoliddin Qobulov. — Usta tomorqachining Prezidentimiz tomonidan yuksak mukofotga munosib koʻrilgani butun mahallamiz bogʻbonlari mehnatining eʼtirofidir. Bugun mehnat qilgan rohatini ham koʻryapti. Shinam uy-joylar qurilyapti, deyarli har bir oilada avtomobil bor. Uzumchilik yoʻnalishida agroturizm ­anʼanalari rivojlanyapti. Uzum yetishtirish, saqlash borasidagi tajribalarni oʻrganish istagidagi xorijlik va mahalliy sayyohlar safi kengaymoqda. Husanboy Gʻafurov xonadoni allaqachon ana shunday agroturizm maskaniga aylanib ulgurgan. Asl dehqon bilganlarini boshqalarga ham ilinadi.

Yilning qaysi fasli boʻlishiga qaramay, uzum yeyishni istasangiz, Oltiariqqa, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibining xonadoniga tortinmay boravering. Chunki bu xonadon dasturxonidan uzum arimaydi.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri