Toʻrt nafar oʻzbek olimiga 100 million soʻmdan mukofot puli beriladi

    Fan 1 Dekabr 2020 3395

    2020-yildan boshlab Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan 4ta fan yoʻnalishi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichga ega yosh olimlar moddiy ragʻbatlantiriladi.

    Yoshlar akademiyasi boshqarma boshligʻi Firdavs Neʼmatzodaning maʼlum qilishicha, har yili ilm-fanning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha “Scopus” xalqaro ilmiy nashrlar maʼlumotlar bazasida eng yuqori “Xirsh indeksi”ga ega 40 yoshgacha boʻlgan olimlarga 100 million soʻm miqdorida mukofot pullari berish amaliyoti joriy etildi.

    “Yosh olimlarni tanlab olishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida «Scopus” bazasi asoschisi boʻlgan Niderlandiyaning “Elsevier” axborot-tahlil kompaniyasi bilan hamkorlik oʻrnatdik. Kelishuvga asosan kompaniya bizga Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan yosh olimlarning 2020-yil oxiri holatiga koʻra Xirsh indeksi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini taqdim etadi.

    Mukofot puli 2020-yilda matematika, geologiya, kimyo va biologiya fanlari boʻyicha xalqaro indeksda Oʻzbekiston boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichga ega 4ta olimga beriladi.

    Yosh olimlarni taqdirlash marosimi 2021-yil yanvar oyida Innovatsion rivojlanish vazirligida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan»,-dedi boshqarma boshligʻi.

    Maʼlumot uchun, “Scopus” – dunyoning eng nufuzli ilmiy-tahliliy reyting platformalaridan biri hisoblanadi. Undan oʻrin olish uchun ilmiy maqola yozish talab etiladi. Reytingda oʻsish uchun mazkur ilmiy maqolaga havola berilishi, olimlar oʻz maʼruzalarida uni tilga olishlari kerak. Maqolaga havola berilishi uning ilmiy hamjamiyat uchun haqiqatda muhim ekanini bildiradi.

    “Xirsh indeksi” esa olimlarning ilmiy faoliyati natijadorligini hisoblash koʻrsatkichidir. Mazkur indeks olim, ilmiy tashkilot yoki mamlakatning nashr etilgan maqolalari va unga koʻrsatilgan iqtiboslar soniga asoslanadi. Indeksni hisoblashda tadqiqotchining ilmiy maqolalarini har bir maqola boʻyicha iqtiboslarga taqsimlash asosida hisoblanadi.