Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida xizmat qilayotgan xodimlar va xizmat itlarining harakatlarini yanada uygʻunlashtirish, ularning jangovor koʻnikmalarini oshirish, biriktirilgan topshiriqlarni bajarishda aniqlik va tezkorligini yaxshilash maqsadida Samarqand viloyatidagi Kinologiya markazida navbatdagi amaliy oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi.

Unda xizmat itlari bilan kinologlarning chaqqonligi, tezkorligini oshirishga qaratilgan turli taktik amallar bajarildi. Mashgʻulotlar davomida har bir kinolog xodimga oʻz tajribalarini yanada mustahkamlab borishlari lozimligi aytib oʻtildi.

Bugungi kunda Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasi tarkibida respublika kinologiya markazidan keltirilgan jami 22 ta xizmat iti harbiy xizmatchilar bilan birga xizmat olib bormoqda. Samarqand viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi tarkibida esa 5 ta iz-qidiruv yoʻnalishiga moslashgan sharqiy yevropa ovcharkalari bor.

Bu kabi oʻquv mashgʻulotlari xodimlar va xizmat itlarining koʻnikmalarini yanada oshirish bilan birga har yili sohaviy hizmatlar oʻrtasida muntazam oʻtkazib kelinayotgan Kinolog mutaxassislarining xizmat koʻpkurashi boʻyicha respublika ochiq birinchiligi kabi musobaqalarida faol ishtirok etishini taʼminlaydi. Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasi va Qoʻriqlash boshqarmasining xizmat itlari mazkur tanlovning 2022-yildagi mavsumida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.